Bojxonadagi hushyorlik
Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatning shaffofligini ta’minlash, davlat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda bojxona to‘lovlarini to‘liq undirishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, davlat chegaralarida amalga oshirilayotgan kuchaytirilgan bojxona nazorati har bir yukning qonuniyligi va hujjatlarining haqqoniyligini sinchiklab o‘rganish imkonini bermoqda. Bu esa iqtisodiy huquqbuzarliklarning oldini olish, insofsiz tashqi savdo ishtirokchilarining noqonuniy harakatlariga o‘z vaqtida chek qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday tezkor va samarali nazorat tadbirlari natijasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona posti orqali amalga oshirilgan navbatdagi huquqbuzarlikka urinish o‘z vaqtida fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy davlatdan import qilinayotgan tovarga rasmiylashtirilgan yuk kuzatuv hujjatlarida mahsulot nomi quruq sut zardobi sifatida ko‘rsatilgan. Biroq bojxona inspektorlarida yukning haqiqiy tarkibi bo‘yicha asosli shubha paydo bo‘lib, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigi o‘tkazildi.
Sinchkovlik bilan amalga oshirilgan tekshiruv jarayonida hujjatlarda keltirilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. Ko‘rik natijalariga ko‘ra, yuk tarkibidagi mahsulot aslida 25 tonna quruq sut ekani ma’lum bo‘ldi.
Shu tariqa tovar nomini ataylab o‘zgartirib ko‘rsatish orqali bojxona to‘lovlarini kamaytirish va davlat byudjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni chetlab o‘tishga qaratilgan urinish o‘z vaqtida bartaraf etildi. Bu esa bojxona organlari tomonidan xavflarni tahlil qilish, hujjatlarni chuqur o‘rganish va zamonaviy nazorat usullaridan samarali foydalanilayotganining yana bir amaliy isbotidir.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tovar partiyasining umumiy qiymati 875 million so‘mni tashkil etadi. Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Huquqiy baho natijalariga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Bugungi kunda bojxona organlari faoliyatining asosiy maqsadi nafaqat yuklarni rasmiylashtirish, balki iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, davlat manfaatlarini himoya qilish va halol tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini shakllantirishdan iborat. Shu bois har bir aniqlangan qonunbuzilish davlat byudjeti manfaatlarini himoya qilish hamda iqtisodiy intizomni mustahkamlash yo‘lidagi muhim natija sifatida baholanadi.
“Olot” chegara bojxona postida aniqlangan mazkur holat bojxona xizmati xodimlarining yuksak mas’uliyati, kasbiy mahorati va hushyorligi tufayli yirik iqtisodiy huquqbuzarlikning oldi olinganini yana bir bor tasdiqladi. Davlat chegaralarida amalga oshirilayotgan samarali nazorat tadbirlari mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda har bir tashqi savdo operatsiyasining qonuniy va shaffof amalga oshirilishini ta’minlashda muhim o‘rin tutishda davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri