Bojxonachilar targ‘ibot ishlarini olib bormoqda
Joylarda bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimining qulaylik va imkoniyatlarini tadbirkorlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan sayyor uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari Guliston shahrida joylashgan “Chelebi Textile” korxonasida bo‘lib, rejimdan foydalanishning keng imkoniyat va afzalliklari bo‘yicha zarur tushuntirish va tavsiyalar berdi.


Bugungi kunda korxonada 350 nafar ish o‘rni yaratilgan. Korxona tomonidan ayollar, bolalar va erkaklar uchun tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirib, qo‘shimcha 800 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.


Joriy yilning mart oyida Turkiya davlatidan sinov tariqasida 500 kg trikotaj matolar olib kelinib, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga rasmiylashtirilib, mahsulotlar eksport uchun tayyorlanmoqda.

Ma’lumot uchun: korxona tomonidan 2024-yilning shu kuniga qadar qiymati 4,6 million AQSH dollariga teng 1,6 million dona tayyor trikotaj mahsulotlar xorijga eksport qilingan.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri