Bojxonachilar tadbirkorlarga qulaylik yaratmoqda
Farmon va ijro
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining kundalik faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish hamda bojxona sohasida qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, ushbu faoliyat Prezidentimizning 2025 yil 25 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona sohasini zamon talablari asosida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Navbatdagi uchrashuv Angren shahrida joylashgan ishlab chiqarish joylarida o‘tkazildi. Xususan, “National Ceramics” keramika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona hozirga qadar 16 ming 525 tonna og‘irlikdagi va 1,5 million dollar qiymatidagi keramika mahsulotlarini eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, “TEPLOIZOLYATSIONNAYA KOMPANIYA” korxonasi esa bu yil boshidan beri 358 ming dollar qiymatidagi 130 tonna og‘irlikdagi polimer asosidagi qurilish va dekorativ materiallarni xorij bozorlariga sotdi. Mazkur jarayonlarda viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan yaqindan amaliy yordam ko‘rsatildi.

Jumladan, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi, keyinchalik xorijiy mamlakatlarga sotish maqsadida “bojxona ombori”, “erkin ombor” va “erkin bojxona zonasi” kabi rejimlar doirasida tovarlarni “import” shartnomalari asosida rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bojxona mutaxassislari tomonidan tadbirkorlar bilan muloqotlar davomida mavjud muammo va takliflar o‘rganilib, ularga ijobiy yechim topilmoqda.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Umarovning ta’kidlashicha, joriy yil o‘tgan davrida boshqarma tomonidan jami 3,3 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari hisoblanib, shundan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 1,5 trillion so‘m imtiyozlar berilgan.
Imtiyoz qo‘llanilgan asosiy tovarlar tarkibini transport vositalari va uning ehtiyot qismlari, texnologik asbob-uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda metall xomashyolar tashkil etadi. Shu davrda 445,6 million dollardan ortiq bo‘lgan tovarlar xorijiy mamlakatlar bozorlariga yo‘naltirildi.
A.Musayev, O‘zA.