Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida faoliyat yuritayotgan “BUKHARA AZTEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyat bugun yetakchi eksportyor korxonalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Mahalliy xomashyo asosida, 100 foiz mahalliylashtirilgan usulda ishlab chiqarilayotgan sifatli va hamyonbop mahsulotlar Yevropaning Polsha, Germaniya, Slovakiya kabi davlatlarida o‘z xaridorlariga ega.
Korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish, mavjud bojxona yuk operatsiyalari yuzasidan fikr almashish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari korxona vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, ularning oldini olish yo‘llari, bojxona hujjatlarining rasmiylashtirilishida qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi. Ayniqsa, korxona vakillariga “Eksport – uch qadamda” tizimi juda qo‘l kelayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Bugungi kunda korxona yiliga 16 million dona tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida qariyb 1,5 million AQSH dollariga teng miqdorda mahsulot eksport qilishga erishilgan.
Bojxona qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar ishlab chiqaruvchilarga batafsil tushuntirildi. Shuningdek, korxona rahbariyati tomonidan amaldagi tartiblarni takomillashtirish yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalar e’tiborga olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri