Bojxona: yil sarhisobi va vazifalar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi 2024 yilni yuqori natijalar bilan yakunladi.
Xususan, 2024 yil yanvar-noyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha tovarlar tashqi savdo aylanmasi 642,6 million AQSH dollarini tashkil etdi va 2023 yilga nisbatan 62,2 million AQSH dollariga yoki 10,7 foizga oshgan. Shu jumladan, tovarlar eksporti 295,5 million AQSH dollarini va 2023 yilning shu davriga nisbatan 13,1 million AQSH dollarini yoki 4,6 foizni tashkil etdi.

Bu davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi TIF va MED postlari orqali eksport qilingan tovarlarning asosiy salmog‘i plastmassadan yasalgan buyumlar, farmatsevtika, ip kalava, kimyo sanoati, artemiya sistasi, neft va neft mahsulotlari, yog‘och va taxta, undan yasalgan mahsulotlar, meva-sabzavot mahsulotlari va boshqa tovarlarga to‘g‘ri keladi. Tovarlar importi 347,1 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Qozog‘iston Respublikasidan olib kelingan bug‘doyni qayta ishlab, yuqori navli un mahsulotini xalqimiz dasturxoniga tortiq qilayotgan “Xojeli un mahsulotlari” mas’uliyati cheklangan jamiyat sutkasiga 200 tonna un mahsulotini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona tomonidan joriy yil boshidan 1716 ming AQSH dollari qiymatidagi 9 ming 900 tonna bug‘doy mahsuloti import qilingan bo‘lib, 1991 ming AQSH dollari qiymatidagi 7 ming 684 tonna un mahsulotlari Afg‘oniston Respublikasiga eksport qilingan.

“Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi imkoniyatlaridan foydalanishni boshlagan mazkur tadbirkorlik sub’ekti rejimning samaradorligi va tejamkorligi bo‘yicha dastlabki ijobiy natijalarga ham erishmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida tadbirkorlik sub’ektlari import qilingan bug‘doyning qayta ishlanib eksportga chiqarilayotgan miqdoriga bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Hozirda 74 nafar mahalliy aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlagan mazkur korxonaga bu kabi imtiyozlar kelgusida ish hajmini kengaytirib yangi ish o‘rinlarini ochishga zamin yaratadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini katta quvonch bilan kutib oldi. Tabrikdagi “Mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanmoqda”, degan so‘zlari har bir bojxonachini yangidan-yangi marralarga undaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri