Bojxona — taraqqiyotga ko‘makchi
Bugun dunyo bozorida raqobat tobora kuchayib, har bir mahsulotning xalqaro maydondagi o‘rni uning sifati, narxi bilan bir qatorda, tadbirkor uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ham bog‘liq bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, eksport-import jarayonlarida ortiqcha vaqt sarfi, murakkab tartib-taomillar yoki tushunmovchiliklar korxonaning raqobatbardoshligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu ma’noda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish va biznes uchun qulay muhit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi ham tadbirkorni nazorat qilish emas, balki uni qo‘llab-quvvatlash, qonuniy faoliyat yuritayotgan ishbilarmonga ishonch bildirish, eksportchi korxonalar uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Bu yondashuv bojxona tizimida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Bugun bojxona organlari shunchaki tovar va yuklarni nazorat qiluvchi idora emas. U tadbirkorning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi eng yaqin hamkori, zarur paytda maslahatchisi va muammoni hal etishda amaliy ko‘makchisiga aylanib bormoqda.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlarning muammolarini bevosita joyiga borib o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish maqsadida muntazam ravishda ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
G‘mjduvon tumanida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan navbatdagi muloqot ham ana shunday ochiqlik va amaliy yondashuv ruhida kechdi.


Unda boshqarma boshlig‘i B. Muratov tadbirkorlarning bojxona sohasiga oid murojaat, taklif va shikoyatlarini bevosita tingladi. E’tiborlisi, uchrashuvda muammolarni faqat eshitish bilan cheklanib qolinmadi, balki ularning sabablarini tushuntirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va qonuniy asosda aniq yechimlarga yo‘l ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi.
Bu esa “tadbirkor — davlat idorasi” munosabatlarida yangi yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni, tadbirkor muammosi bilan idorama-idora sarson bo‘lib yurmaydi. Masala mas’ullar bilan bir stol atrofida muhokama qilinib, imkoni boricha joyida hal etiladi.
Muloqot davomida “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” MCHJ vakili eksport rejimida rasmiylashtirilayotgan yuklarning “Xavfni boshqarish tizimi” orqali “sariq” yoki “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilishi natijasida rasmiylashtiruv jarayoni ma’lum vaqt olayotganini bildirdi. Bu masala tadbirkor uchun tabiiy ravishda muhim. Chunki eksportda har bir soat, har bir kunning o‘zi iqtisodiy samaradorlik bilan chambarchas bog‘liq.
Mutaxassislar esa tizimning mohiyatini atroflicha tushuntirib berdi. Xususan, “Xavfni boshqarish tizimi” to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, unda inson omilining aralashuvi nazarda tutilmagani qayd etildi. Eng muhimi, tadbirkorga muammoning sababi tushuntirilibgina qolmay, uni bartaraf etishning istiqbolli yo‘l ham ko‘rsatildi. Korxonaga Vakolatli iqtisodiy operator (VIO) maqomini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bu oddiy maslahat emas. Bu — tadbirkorning kelgusi faoliyatini yengillashtirishi, tashqi iqtisodiy operatsiyalarni tezlashtirishi va eksportdagi raqobatbardoshligini oshirishi mumkin bo‘lgan muhim imkoniyatdir.
Prezidentimizning 2026-yil 27-avgustdagi Farmoni bilan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va halol tadbirkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan qator muhim imtiyoz va yengilliklar belgilandi. Mazkur hujjatning eng muhim jihatlaridan biri — qonunga rioya qilib, tashqi iqtisodiy faoliyatni shaffof amalga oshirayotgan korxonalarga ishonch asosida yondashuvni kuchaytirishdir.


Ushbu maqomga ega bo‘lgan korxonalar uchun bojxona rasmiylashtiruvining ustuvor va tezkor tartibi, tovarlarni ko‘zdan kechirishning minimal darajaga tushirilishi, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash kabi qator imkoniyatlar yaratiladi. Boshqacha aytganda, davlat tadbirkorga: Siz qonunga rioya qiling, biz esa sizning ishingiz rivojiga kerakli sharoitni yaratamiz degan tamoyilni amalda namoyon etmoqda.
G‘ijduvondagi ochiq muloqotda bu imkoniyatlarning hayotiy samarasiga misol bo‘la oladigan yana bir muhim korxona faoliyatiga e’tibor qaratildi.
PVX marmar panellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “G‘ijduvon mashhurasi” MCHJ tomonidan 2025-yil va 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida umumiy qiymati 2,1 million AQSH dollari bo‘lgan 2300 tonna xomashyo “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga rasmiylashtirilgan. Bu xomashyo qayta ishlanib, 900 ming AQSH dollari qiymatidagi 900 tonna tayyor PVX marmar panellari eksportga yo‘naltirilgan.
Xomashyoni import qilish, uni qayta ishlash, yangi mahsulot yaratish va tashqi bozorga chiqarish — bu bir vaqtning o‘zida ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat, valyuta tushumi va hudud eksport salohiyati deganidir. Eng ahamiyatlisi, mazkur korxona ham VIO maqomini olish uchun ariza topshirgan. Demak, ishlab chiqarish hajmini oshirish, tashqi bozorlarga chiqish geografiyasini kengaytirish va eksport jarayonlarini yanada tezlashtirish uchun yangi bosqichga qadam qo‘yilmoqda. Bugun tadbirkor uchun eng katta rag‘bat — faqat imtiyoz emas, balki uning faoliyatiga ishonch bildirilishidir. Chunki ishbilarmon o‘zini davlatning shunchaki nazorat ob’ekti emas, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining bevosita ishtirokchisi sifatida his qilsa, uning tashabbusi, mas’uliyati va investitsiya qilishga bo‘lgan ishonchi ham ortadi.


Buxoroda tashkil etilayotgan bunday ochiq muloqotlar ana shu ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Tadbirkorning savoliga joyida javob berish, muammoning mohiyatini tushuntirish, qonun doirasida aniq yo‘l ko‘rsatish — tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning eng samarali mexanizmlaridan biridir.
Bugun G‘ijduvondagi bir tadbirkorning muammosi tinglandi. Bir korxonaga VIO maqomining afzalliklari tushuntirildi. Yana bir ishlab chiqaruvchiga yangi imkoniyatlar ko‘rsatildi.
Ammo buning ortida katta maqsad — Buxoroning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish, mahalliy mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish va tadbirkorlik muhitini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadi mujassam.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri