Farmon va ijro
Mamlakatimizda bojxona ma’muriyatchiligining shaffof va ishonchlilik tamoyiliga asoslangan yangi tizimini yaratish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yil 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonda belgilangan vazifalar va Bojxona sohasiga oid o‘zgarishlar xususida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Qahramon UMAROVning fikrlariga qiziqdik.
– Joriy yilning 24 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishib, tizimni raqamlashtirish, jarayonni tezlashtirish va qulaylashtirish bo‘yicha vazifalarni qo‘ygan edilar, – deya fikrini boshlaydi Qahramon Umarov. – 25 mart kuni qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bojxona ma’muriyatchiligining shaffoflik va ishonchlilik tamoyiliga asoslangan sifat jihatidan yangi tizimni yaratish, sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida qabul qilindi.
Sohaga so‘nggi 3 yilda 35 ta yangi axborot tizimi joriy etildi, 10 ga yaqin davlatlarning bojxona xizmatlari, 40 dan ortiq aviakompaniyalar, 30 dan ortiq vazirlik va idoralar bilan o‘zaro axborot almashinuvining yo‘lga qo‘yildi hamda bojxona rasmiylashtiruvi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etildi. Shular hisobiga bojxona yuk deklaratsiyalarini inson omilisiz rasmiylashtirish ulushi tobora oshib bormoqda.
Masalan, eksportda 2023 yilda atigi 5 ming dona deklaratsiya inson omilisiz rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 85 mingga yetishi kutilmoqda. Importda ham joriy yilda 95 mingdan ortiq deklaratsiyalarning rasmiylashtiruvi bojxona xodimlarining ishtirokisiz amalga oshiriladi. Farmonda esa 2026 yilga qadar deklaratsiyalarni inson omilisiz rasmiylashtiruv ulushini 2 barobarga oshirish nazarda tutilgan. Mos ravishda 2028 yilga qadar bojxona ko‘riklari hozirgi 21 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Bundan tashqari, farmon bojxona tizimini raqamlashtirishni sun’iy intellektga asoslangan yangi bosqichga ko‘tarishda alohida ahamiyat kasb etadi. Bojxona organlarida 2030 yilga qadar sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda xavfni boshqarish tizimi samaradorligi 2 barobarga oshiriladi. 2025 yil 1 iyuldan Jahon savdo tashkilotining Savdo tartibotlarini soddalashtirish bitimi talablari asosida tovarlarga nisbatan imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha bojxona organlarining dastlabki qarorlarini berish tartibi joriy etiladi.
– Avtotransport vositalari uchun ikki yo‘lakli axborot tizimi joriy etilishi borasida qanday yangiliklar kutilmoqda?
– Bu borada 2025 yil 1 sentyabrdan o‘tkazish punktlarida undiriladigan barcha turdagi yig‘im va to‘lovlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali undiriladi va hisobi yuritiladi. “G‘ishtko‘prik”, “Zangiota” va “Dovut ota” o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun ikki yo‘lakli xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan davlat nazorat tartibotini qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda “yashil yo‘lak”da – xavf darajasi past bo‘lgan avtotransport vositalari va unga yuklangan tovarlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinishida davlat nazoratining barcha shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi, avtotransport vositasi va uning haydovchisiga nisbatan amalga oshiriladigan hujjatli nazorat bundan mustasno. “Qizil yo‘lak”da davlat nazorati xavf darajasi yuqori va tasodifiy tanlovda aniqlangan avtotransport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi. Shuningdek, “qizil” yoki “yashil” yo‘laklar bojxona organlarining “Xavflarni boshqarish” axborot tizimi orqali avtomatik tarzda belgilab beriladi. O‘tkazish punktidagi davlat nazorat organlari xodimlari tomonidan “profayling” tanlov asosida avtotransport vositalari bojxona organlarining “Xavflarni boshqarish” axborot tizimida “yashil yo‘lak”dan “qizil yo‘lak”ka yo‘naltirilib, tegishli nazorat shakllari qo‘llanadi.

2026 yil 1 sentyabrdan ushbu tartib sinov natijalariga ko‘ra boshlab bosqichma-bosqich avtomobil yo‘li o‘tkazish punktlarida kuchga kiradi. 2026 yil 1 martdan bojxona nazorati jarayonlari “Xavflarni boshqarish” axborot tizimi orqali yanada soddalashtiriladi. Yana bir jihat – ushbu farmon bilan tashqi iqtisodiy faoliyat sub’ektlarini toifalash mezonlari 34 tadan 122 taga, xavfni boshqarish modullari 2 tadan 9 taga yetkaziladi.
Ma’lumot sifatida aytadigan bo‘lsak, 2024 yilda 21 ta chegara bojxona postlari orqali 207 mingta transportlarda 4,2 million tonna veterinariya va fitosanitariya nazoratidagi tovarlar olib o‘tilgan. Ammo bunda bir-birini takrorlovchi funksiyalar mavjud. Shu sababli, davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida fitosanitariya va veterinariya organlari tomonidan tashqi savdo yuklari bo‘yicha o‘tkaziladigan nazorat funksiyalari bojxona organlari tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bunda 3 ta idoraning faoliyati 1 ta axborot tizimida amalga oshiriladi. Fitosanitariya va veterinariya nazorati faqat xavfi yuqori tovarlarga nisbatan amalga oshiriladi.

Barcha tartibotlar elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi. Bu esa eng avvalo o‘tkazish punktlarida tashqi savdo yuklari harakatining tezkorligini ta’minlaydi, tirbandliklarning oldini oladi. Chegaradagi nazorat vaqti 25-30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqaradi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab esa veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi. Jumladan, 4 turdagi muhr va shtamplardan voz kechilmoqda. 1 noyabrdan boshlab o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasi amaliyotga joriy etiladi.
– Davlatimiz rahbarining tashqi siyosatdagi ochiqlik va do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlari natijasida, eng avvalo, qo‘shnilar bilan o‘zaro bordi-keldilar yuqori darajada kengaydi. Bu esa o‘z o‘rnida Bojxona dekloratsiyasi masalalarida ham yangicha yondashuvni talab etadi. Bu borada qanday qulaylik ko‘zda tutilgan?
– Darhaqiqat, ahamiyat bering, mamlakatimiz chegara bojxona postlarini 2022 yilda 31,6 million nafar yo‘lovchi kesib o‘tgan bo‘lsa, 2023 yilda bu raqam 47,4 millionni, 2024 yilda esa salkam 55 millionni tashkil qildi. Ayrim holatlarda mazkur yo‘lovchilarning bir qismi yonlarida cheklangan yoki belgilangan normalardan ortiq tovarlarni olib o‘tishayotganligi sababli yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishadi.
Masalan, 2022 yilda 307 mingdan ziyod, 2023 yilda 250 mingga yaqin, 2024 yilda esa 180 mingdan ziyod yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari to‘ldirilgan. Sodda qilib aytganda, so‘nggi uch yilning o‘zida deklaratsiyalar uchun salkam 2 tonna qog‘oz sarflangan. Qolaversa, deklaratsiyani bevosita postning o‘zida qog‘ozda yozma tarzda to‘ldirish uchun yo‘lovchi o‘rtacha 5-10 daqiqa vaqt sarflaydi.
Bojxona xodimi ham o‘z o‘rnida deklaratsiyalardagi ma’lumotlarni qo‘lda tegishli axborot tizimlariga kiritadi va bunga ham vaqt sarflanadi. Shu sababli endilikda yo‘lovchilar o‘zlariga qulay vaqt va joyda telefonlari orqali yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirib, bojxonaga elektron tarzda taqdim qilishlari mumkin bo‘ladi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA muxbiri