Bojxona ko‘rigi vaqti qisqardi
Mamlakatimizda hozirda bojxona ko‘rigi jarayonlari "Bojxona ko‘rigi" axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bunda bojxona ko‘rigini amalga oshirayotgan xodimlar planshetlardan foydalanishmoqda.
Mazkur tizim rasmiylashtiruv vaqti va tadbirkorlarning xarajatlarini tejash, ko‘rik jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va natijalarni qayd etish imkonini beradi.
Masalan, tizim orqali tadbirkor bojxona ko‘rigi o‘tkaziladigan joyi va vaqti haqidagi ma’lumotlardan onlayn tarzda voqif bo‘ladi, ko‘rik natijalarini ishtirokchilar planshet orqali barmoq izlari bilan tasdiqlaydilar.

Eng muhimi, bunda bojxona xodimlarining ish samaradorligi oshib, korrupsion holatlarning oldi olinmoqda.
Ahamiyat bering, "Bojxona ko‘rigi" axborot tizimi ishga tushirilgan 2022 yil 1 dekabr sanasidan hozirga qadar planshetlar orqali 7 mingdan ortiq bojxona ko‘riklari rasmiylashtirilgan. Eng muhimi, bunda bojxona ko‘rigiga sarflangan vaqt qisqardi.

Ilgari har bir bojxona ko‘rigiga ko‘pi bilan 3 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich maksimum 1 soat 30 daqiqani tashkil qilmoqda.
Ushbu yangilikni respublikamizda bojxona tartibotlarini soddalashtirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida baholash mumkin.
O‘zA