Bojxona brokeri – tadbirkorga ko‘makchi
Istiqlol yillarida zamonaviy infratuzilmaga ega o‘zbek bojxona xizmati shakllantirilgani samarasida mamlakatimiz iqtisodiy suvereniteti ishonchli himoya qilinib, davlatimizning iqtisodiy qudrati mustahkamlanmoqda.
Istiqlol yillarida zamonaviy infratuzilmaga ega o‘zbek bojxona xizmati shakllantirilgani samarasida mamlakatimiz iqtisodiy suvereniteti ishonchli himoya qilinib, davlatimizning iqtisodiy qudrati mustahkamlanmoqda. Sohaning huquqiy asosi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, zamonaviy tizimlar amaliyotga izchil tatbiq etilayotir.Bu jihatlarni 2016-yil 22-apreldan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi asosida bojxona brokeri xizmatining huquqiy maqomga ega bo‘lganida ham ko‘rish mumkin. Yangi kodeksda bojxona brokerining faoliyat mexanizmlari, huquqlari va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, bojxona brokerining faoliyati deklarantning yoki vakolatli shaxsning topshirig‘iga ko‘ra va uning nomidan bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bojxona operatsiyalarini amalga oshirishdan iborat.
Bojxona brokeri bilan uni vakil qilgan shaxsning o‘zaro munosabatlari shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. Brokerning bojxona organlari oldidagi huquqlari va majburiyatlari uni vakil qilgan shaxs bilan tuzilgan shartnomada cheklab qo‘yilishi mumkin emas.
Biznesda vaqt – katta boylik. Shu nuqtai nazardan, bojxona brokerlari faoliyati, avvalo, tadbirkorlarning chegaradan tovarlar va transport vositalari olib o‘tishdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonidagi qimmatli vaqtini tejashga xizmat qiladi. Ayni paytda ular tovar ayirboshlashni tartibga solish, bojxona organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda muhim yordamchi tuzilma va yangi tadbirkorlik subyekti sifatida namoyon bo‘layotir. Brokerlarning qonunchilikni mukammal bilishi va amalda to‘g‘ri qo‘llay olishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ishini yengillashtiradi. Bu bilan bojxona tizimida xato va kamchiliklar kamayadi, bojxona to‘lovlari to‘g‘ri va to‘liq undirilishiga erishiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 25-iyuldagi “Bojxona brokeri sifatidagi faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori sohadagi ishlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur nizom 2016-yil 2-noyabrdan kuchga kirdi. Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy bojxona boshqarmalarida ushbu qaror mohiyatini tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga yetkazish uchun muntazam yig‘ilishlar, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazilmoqda.
Nizomga ko‘ra, bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun yuridik shaxs shtatida bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha tegishli malaka attestatiga ega kamida ikki mutaxassis bo‘lishi va bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashi lozim. Hujjatlar ariza beruvchi uchun istalgan qulay shaklda (shaxsan olib borish, pochta jo‘natmasi yoki internet orqali) taqdim etilishi mumkin. Olingan ruxsatnoma boshqa shaxsga berilmaydi. Arizani ko‘rib chiqqanlik, qayta rasmiylashtirganlik, ruxsatnomani va uning dublikatini berganlik uchun bojxona yig‘imi undirilmaydi.
Ayni paytda Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyat yurituvchi barcha bojxona brokeriga tegishli ruxsatnomalarni bergan. Bu jarayonda zarur hujjatlarni topshirish bosqichlarida qator yengilliklar yaratilgan. Endi bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun zarur hujjatlar Davlat bojxona qo‘mitasiga taqdim etilgach, qo‘mita xodimlari uni o‘n ish kunida ko‘rib chiqadi. Qo‘mita ruxsatnomani belgilangan shaklda va amal qilish muddati cheklanmagan holda bermoqda.
Bojxona brokerlari haqidagi axborot qo‘mitaning rasmiy veb-sayti – customs.uz ning Ochiq ma’lumotlar bo‘limi va Davlat ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirilgan bo‘lib, muntazam yangilab borilmoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda mamlakatimizda 670 dan ziyod bojxona brokeri ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
2009-yili mamlakatimizda ilk bor Bojxona brokerlari uyushmasi tashkil etildi. Uyushmaning maqsadi – o‘z a’zolarining tadbirkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning bojxona va boshqa davlat organlari bilan hamkorligini ta’minlash, umumiy mulkiy manfaatlarini ifodalash va himoyalashdan iborat.
Toshkent shahridagi «Bek Broker» MChJ 1999-yili tashkil topgan. Milliy bojxona brokerlari oilasining dastlabki a’zolaridan bo‘lgan bu korxona o‘sha vaqtda yangi formatdagi xizmat ko‘rsatishni – mijozlar bilan ishlashda zamonaviy biznes modelni O‘zbekiston bozoriga birinchilardan bo‘lib taklif etdi. Unga ko‘ra, mijoz ish joyidan tashqariga chiqmagan holda, faqat shartnoma va ishonchnoma berib, bojxona rasmiylashtiruviga aloqador barcha ishni broker zimmasiga yuklaydi. «Bek Broker» mutaxassislari yukni bojxona terminalidan qabul qilib olishdan sertifikatlashtirish, saralash, qayta qadoqlash, bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvigacha bo‘lgan ishlarni amalga oshiradi. Yakunda har tomonlama tayyor yuk mijoz aytgan joyga yetkazib beriladi.
Dastlab «British Amerikan Tobakko O‘zbekiston», so‘ng «Coca-Cola Ichimligi O'zbekiston LTD.», «Nestle O'zbekiston» qo‘shma korxonalari va yana qator kompaniyalar bilan shartnomalar tuzildi. Yillar o‘tib, faoliyat ko‘lami kengaydi: korxona xodimlari soni 25 nafarga yetdi, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Nukus va Qo‘ng‘irot shaharlarida sho‘ba korxonalari ish boshladi. So‘nggi yillarda «Bek Broker» «Lukoil Uzbekistan Operating Company» MChJ, «Uz-Kor Gas Chemical» qo‘shma korxonasining yirik loyihalarida qatnashib, brokerlik xizmatini ko‘rsatdi.
– Mamlakatimizda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va interaktiv xizmatlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani biz, brokerlarga katta qulaylik va imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi «Bek Broker» MChJ bosh direktori o‘rinbosari Husniddin Azimov. – Ayniqsa, 2013-yildan tovarlarni elektron shaklda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilishi bilan ortiqcha qog‘ozbozlik, kelib-ketish yoki navbat kutishga vaqt yo‘qotishdek holatlar, ayrim byurokratik to‘siqlar butunlay barham topdi. Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi kuchga kirishi bilan brokerlar o‘rtasidagi raqobat yanada kuchaydi. Bugun o‘z faoliyatini yangicha mezonlar va zamonaviy asosda yo‘lga qo‘ymagan, bir kun o‘z ustida ishlamagan tadbirkor biznesda ko‘p narsa yo‘qotishi aniq. Shu bois hozir Davlat bojxona qo‘mitasi va Bojxona brokerlari uyushmasi bilan hamkorlikda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini yanada tezlashtiradigan va osonlashtiradigan yangi biznes model loyihasi ustida ishlamoqdamiz.
Poytaxtimizdagi «Carpe Diem» MChJ besh yildan buyon tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona rasmiylashtiruviga oid brokerlik xizmatini ko‘rsatib kelmoqda. 2016-yili «Sirdaryo Keramik Prodakshn» O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga kafel ishlab chiqarish liniyasini olib kelishda bojxona rasmiylashtiruviga oid operatsiyalar o‘tkazildi.
– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov belgilab bergan asosiy va muhim vazifa – mamlakatimizda 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirishga erishish borasidagi keng qamrovli islohotlar brokerlik xizmati rivojiga ham keng yo‘l ochmoqda, – deydi «Carpe Diem» MChJ direktori Mirodil Qosimov. – Kelgusida korxonamizda xizmatlar soni va sifatini yanada oshirish, jumladan, eksportga jalb qilingan tadbirkorlarimizga chet ellik hamkorlar topishda ko‘maklashuvchi marketing bo‘limi tashkil qilishni, autsorsing xizmati (bir kompaniya o‘z vazifasining ma’lum qismini bajarish uchun boshqa firmani yollashi) orqali xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz.
Bir so‘z bilan aytganda, bojxona brokerlari tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy faoliyatida yaqindan yordam bermoqda va o‘zi ishbilarmonlik bilan mashg‘ul bo‘layotir. Bu nafaqat bojxona ishlarini yengillashtirishga, balki davlatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.