Bog‘dorchilik mashaqqatiga chidagan odam rohatini ko‘radi
Uzumchilikning mehnati og‘ir. Ayniqsa bu yilgidek anomal sovuqlarda toklarni asrab qolishning o‘zi bir mahorat. Bu borada Qashqadaryo viloyati Qamashi tumaniga qarashli Ravot qishlog‘i bog‘bonlari o‘ziga xos tajribaga ega. Qishloqdagi qaysi xonadonga kirmang uzumzorlarga duch kelasiz. Shu bois bozorlarda ham ushbu qishloqda yetishtirilgan uzumlar xaridorgir. Navbatdagi ijodiy safarimizni rovotlik bog‘bonlar faoliyatiga bag‘ishladik.
Bu hududlar aslida Oqrabot deyiladi. Xo‘jaliklar ko‘paygach mahallalar boshqa-boshqa nom bilan ajralib chiqqan. Shuning uchun bu hududda yetishtirilgan uzumlar ham Oqrabot uzumlari nomi bilan mashhur. Salkam brend darajasiga yetgan.
Ravot qishlog‘ilik Qulmamat Xo‘jayev faxriy pedagog. Uzoq yillar xalqning farzandlariga ta’lim-tarbiya bergan. Ammo bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha tokzorlarni aylanadi. Ortiqcha barglarini xomtok qiladi. Uzumlarini saralaydi. Biz borganimizda ham u kishini uzumzorda uchratdik.
Vayishlarda marvarid kabi osilib turgan husaynilar ko‘zni quvnatadi.
– Bu yilgi anomal sovuqda ko‘pchilik bog‘bonlar daraxtlarini sovuqqa oldirib qo‘ydi. Uzumzoringiz doimgidek serhosil va yashnab turibdi, buning siri nimada so‘raymiz, bog‘bondan.
– Yashiradigan hech qanday sir yo‘q uka, mehnat qilish kerak, tamom, – deydi kulimsirab Qulmamat Xo‘jayev. – Uzumchilikni mehnati og‘ir. Kuzda tagini yumshatib, albatta ko‘mish kerak. So‘ng bahorda yana ochib ishlov berish kerak. To‘g‘ri, bu yilgi anomal sovuq dehqonu bog‘bonlarni haqiqiy sinovdan o‘tkazdi, ammo vaqtida yaxshi ko‘milgan toklar asrab qolindi. Mana endi mevasini totyapmiz.
[gallery-13514]
36 sotix yerda tashkil etilgan uzumzor oilaning daromad manbai. Oila a’zolari Qulmamat akaga haqiqiy ko‘makchi. Uning ta’kidlashicha, har yili ushbu uzumzordan 10 tonnaga yaqin hosil oladi. Ayni paytda dehqon bozorlarida bir kilogramm husayni 12 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha, qora kishmish, rizamat ota, mers navli uzumlar 20 ming so‘mgacha sotilmoqda. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, bog‘bon 36 sotixlik uzumzoridan o‘rtacha 100 million so‘mdan ziyod daromad oladi.
– Ota-bobolarim ham uzumchilik bilan shug‘ullangan, – deydi Q.Xo‘jayev. – Esimni tanibmanki uzumzorda mehnat qilib ulg‘aydim. Shuning ortidan o‘qidim, uyli-joyli bo‘ldim. Bugungi kunda farzandlarim, nabiralarimni o‘qityapman. Ularga uy-joy solyapmiz. Nimagaki, erishayotgan bo‘lsak shu uzumchilik orqasidan. Shukr daromad yomon emas. Har yili yangi-yangi navlar ustida ishlayapmiz. Mana hozirgi kunda vodiydan olib kelingan “rizamat ota”, “ketmon sopi” kabi navlarni olib kelib, mahalliylashtirib hosil ola boshladik va bu ishlar muntazam davom ettirilyapti. O‘zim qiziqqanim bois qayerdaki yangi bir navni ko‘rsam olib kelib sinovdan o‘tkazib ko‘raman. Foyda bersa ko‘paytiraman.
Ha, halol mehnat ortidan topilgan daromad ham barakali bo‘ladi. Bugungi kunda ravotliklar uzumchilikning sir-asrorlarini tobora chuqurroq o‘zlashtirib, bozorlarimizga sifatli uzum yetkazib bermoqda.
– Tok doimiy e’tiborni talab qiladigan o‘simlik, – deydi shu qishloqlik yosh bog‘bonlardan biri Sarvar Ko‘chimov. – Doim sifatli mahsulot yetishtirishga va bozorning oldi bo‘lishga harakat qilamiz. Qushlardan himoya qilish uchun uzumzorlarning ustini setka bilan qoplaymiz. Hasharotlarga qarshi dorilaymiz. Mayda boshli uzumlarni olib tashlaymiz. Mavsumda 3-4 marotaba barglarini siyraklashtiramiz. Xullas ichidan chiqmaymiz. 30-35 yilda eski kundalarni kavlab tashlab yonidan yangisini yetishtiramiz. Bu ham hosilning sifatli bo‘lishida muhim.
Oqrabotliklarning uzumchilikdagi tajribasini o‘zlashtirishga harakat qilgan hududlar ko‘p. Ammo oxirigacha hafsala qilishmaydi. Keksa uzumchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, xalq orasida latifaga aylanib ketgan bir voqeani so‘zlab berishdi. Emishki, bozorga oqrabot uzumlari kirsa boshqa joydan kelgan uzumlarga hech kim qaramay faqat ularnikini olishar ekan. Ularniki tamom bo‘lgach boshqalar sotar ekan. Kunlardan bir kun boshqa hududdan kelgan bir sotuvchi bozorga mahsulot olib kiribdi va yaxshi narxga sota boshlabdi. Qarashsa, sifat jihatdan ularnikidan hech qolishmasman. Bozorda tortishuv ketibdi. Bu ham oqrabotning uzumi debdi ko‘pchilik, sotuvchi esa boshqa joydan olib kelganini ta’kidlarmish. Tortishuv shu darajaga boribdiki, oxiri o‘sha boshqa hududdagi uzumchinikiga borishibdi. Borishsa, bog‘bonning kelini oqrabotdan bo‘lib chiqibdi. Uzumlarni o‘sha kelin parvarish qilar ekan.
– Mahallamizda 1120 ta xo‘jalikda 5 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi Ravot MFY raisi Ulug‘murod Misirov. – Mahalladagi deyarli hamma xo‘jalikning uzumzori bor. Aytmoqchi bo‘lganim mahallamizda bekor yurgan odamni ko‘rmaysiz. Hammasi ish bilan band. Tirikchiligi shundan. Daromadi yomon emas. Shuning ortidan turmushi farovon. Mavsumda tonna-tonna uzum viloyatimiz, ayniqsa Qarshi shahridagi, Qamashi tumanidagi bozorlarga yetkazib beriladi. Keyingi yillarda uzumzorlarni yanada ko‘paytirish, buning uchun bog‘bonlarga shart-sharoit yaratib berish ustida ish olib boryapmiz. Nasib etsa kelgusida bu boradagi ishlarimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Albatta, uzumchilik tarmog‘ini rivojlantirish, kelgusida uning eksportini amalga oshirish ham bog‘bonlarning, ham tumanning daromadiga daromad qo‘shadi. Bog‘dorchilikda hikmat ko‘p. Albatta uning mashaqqatiga, qiyinchilik va tashvishlariga chidagan odam baraka topadi. Shunga yarasha rohatini ham ko‘radi. Oqrabotlik uzumchilar faoliyati bunga yaqqol misol.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.