Bog‘dorchilik: bilim, tajriba va texnologiya uyg‘unligi
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Parkent tumanidagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi. Bog‘dorchilikda ham innovatsion yondashuvlar sabab yuqori natijalarga erishilmoqda. Tumandagi “Meridian Tempo” MCHJga qarashli bog‘ bu yo‘nalishda chinakam namuna bo‘lmoqda.
Umumiy maydoni 56 gektarni tashkil etgan ushbu bog‘ning 32 gektari gilos, 10 gektari olma, 10 gektari nok va 4 gektari malinaga ajratilgan. Parvarishlanayotgan mevali daraxtlar o‘zini o‘zi changlatish xususiyatiga ega. Bu esa har bir daraxtdan 100 foiz hosil olish imkonini beradi. Aynan shunday texnologik yondashuvlar bugun bog‘dorchilikda hosildorlikni oshirish va barqarorlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bog‘da ekilgan barcha ko‘chatlar Fransiya davlatidan olib kelingan. Yaratilgan agrotexnologik tizimlar tufayli bu yerda to‘liq tomchilatib sug‘orish joriy etilgan bo‘lib, foydalanilayotgan suv esa quyosh panellaridan olinayotgan elektr quvvati orqali ta’minlanadi. Suv maxsus yig‘ma havzada to‘planadi va tabiiy nishablik orqali bosim hosil qilgan holda bog‘ni sug‘oradi. Bunday yondashuv — xarajatni kamaytirish, energiyani tejash, eng muhimi, mehnat unumdorligini oshirishning yaqqol namunasi.

Bugungi kunda bog‘dagi giloslarning 100 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Olma va malina esa ichki bozorga – import o‘rnini bosish maqsadida realizatsiya qilinadi. Bu esa nafaqat foyda manbai, balki oziq-ovqat xavfsizligi va mahsulotlar raqobatbardoshligini ham ta’minlashda muhimdir. Tadbirkorning aytishicha, yaqin kelajakda yana 500 gektar yerda yangi bog‘ barpo etilishi rejalashtirilgan.

E’tiborli jihati shundaki, ushbu bog‘ hududida maxsus tajriba maydoni tashkil etilgan. Bu yerda xorijdan olib kelingan ko‘chatlar avvalo, sinovdan o‘tkaziladi. Har bir daraxt, har bir nav qanday iqlimda, qanday sharoitda qanday natija berishi bevosita shu yerning o‘zida kuzatilib, tahlil qilinadi. Bog‘ni oddiy xo‘jalik emas, ilmiy yondashuv asosida tashkil etilgan tajriba markaziga qiyoslash mumkin. Ilmiy ishlanmalar, agrotexnologik yechimlar shu joyning o‘zida, sinovdan o‘tadi. Ya’ni, bu yerda faqat daraxt emas, bilim, tajriba, texnologiya ham bir-biriga uyg‘unlashgan.

Vazir mas’ullar bilan suhbatlashib, o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.