Bog‘da ko‘chat emas, xavf o‘sgan
Jamiyat osoyishtaligi va aholi salomatligiga tahdid soluvchi illatlar o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi. Ularga qarshi kurashda hushyorlik va tezkorlik qancha kuchli bo‘lsa, xavfning ildiz otishiga shuncha erta chek qo‘yiladi. Jizzaxda aniqlangan navbatdagi holat esa bunga yana bir dalil.
Jizzax shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbir davomida xonadonida kannabis yetishtirayotgan fuqaro aniqlandi.
Shaharning Amir Temur mahallasida yashovchi, 1964-yilda tug‘ilgan fuqaro B.B.ning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Hovlining bog‘ qismi va tuvaklarda jizzaxlik “kannabisshunos” tomonidan jami 6 tup kannabis o‘simligi parvarishlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Odatda bog‘ deganda ko‘z oldimizga rizq-ro‘zg‘orga xizmat qiladigan mevali daraxt, gul yoki foydali ko‘chatlar keladi. Bu hovlida esa bog‘ning ma’nosi ham, “hosil”ning mazmuni ham butunlay boshqacha tus olgan. Zero, qonunga xilof ekilgan har qanday ko‘chat erta-indin muammoning o‘ziga aylanishi mumkin.

Tezkor tadbirning yana bir manzili – omborxonaning tom qismi bo‘ldi. U yerdan quritilgan, o‘tkir hidli, marixuana giyohvandlik moddasiga o‘xshash o‘simlik maydalari topildi. Ularning umumiy miqdori 35,08 grammni tashkil etgan va belgilangan tartibda hujjatlashtirib olingan.
Shunday qilib, hovlidagi 6 tup o‘simlik bilan cheklanib qolmagan “sir” tom ostida ham davom etgani ma’lum bo‘ldi. Ko‘zga oddiy ko‘ringan xonadonda yashiringan bu holat tezkor xodimlarning e’tibori bilan fosh etildi.
Bu yerda eng achinarlisi zararli illatning faqat ko‘chat shaklida emas, balki inson ongida ham ildiz otishi mumkinligidir. Giyohvandlik bilan bog‘liq har qanday harakat bir shaxsning emas, uning atrofidagi muhitning ham xavfsizligiga daxl qiladi. Shu bois bunday holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga huquqiy baho berish muhim.

Giyohvandlikka qarshi kurash faqat tezkor tadbir bilan tugamaydi. Uning eng samarali yo‘li – illatni ildiz ottirmaslik. Buning uchun oila, mahalla va jamiyatda hushyorlik muhitini kuchaytirish, shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslik zarur.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda. Voqeaning huquqiy bahosi esa qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
Zero, xonadonda nimani ekish va nimani saqlash masalasi faqat shaxsiy tanlov emas. Qonun taqiqlagan o‘simlikning ildizi qayerda otishidan qat’i nazar, uning oqibati jamiyatga daxl qiladi. Jizzaxdagi bu holat esa bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi: bog‘da har qanday ko‘chat o‘savermaydi, qonun bor joyda xavfga ham ildiz otishga yo‘l yo‘q.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri