"Boburnoma"da muallif ruhiy holati tasviri
Dushmanniki bu dahr zabardast qilur
Naxvat mayidin bir necha kun mast qilur,
G‘am yemaki, yetkursa boshini ko‘kka,
Oxir yana yer kibi oni past qilur.
Hayot haqiqatlarini tan olish, g‘alabadan masrurlik, mag‘lubiyat armonlari, ko‘ngil kemtiklari, inson manzaralari, qalb isyonlari – bularni bilish, anglash va his qilish uchun «Boburnoma»ni o‘qish kerak.
U nafaqat tarixiy voqealar silsilasi, balki shoir tuyg‘ulari, holatlar hosilasidir.
“Boburnoma” – psixologik kechinmalar olami. Unda o‘zgaruvchan va beqaror siyosiy muhit, mag‘lublikdan g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilish va yana mag‘lublikning achchiq alamini tortish, o‘kinch, quvonch, shodlik tuyg‘ularining o‘rin almashishi mohirona ochib berilgan.
Murakkab holatlarni tasvirlash, shaxs ruhiyatida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni ilg‘ash, izohlash Boburning yuksak badiiy mahoratidan dalolat beradi. Mazkur asarda katta-kichik personajlar, davr sultonidan tortib oddiy inson ruhiyatigacha qalamga olingan. “Boburnoma”dagi qahramonlarga oid badiiy tasvirlardan biz XVI asrda bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar, toj-taxt uchun kurash, shohlarning dunyoqarashi, mulkka egalik qilish va mulk bo‘lish tarixi, oqibati, fitna-nifoqlar teran va keng qamrovli, tahliliy uslubda tasvirlanganiga guvoh bo‘lamiz.
“Boburnoma”dagi timsollarning har biri davrning imjtimoiy-siyosiy hayotiga mansubligi bois o‘z xarakter, xususiyatlari bilan ajralib turadi. Muhimi, g‘olib va mag‘lub shaxslarni tasvirlashda zamon, vaqt, makon voqeligi, xususan, jang maydonlaridagi jasorat va qo‘rqoqlik, mardlik va xiyonat, g‘oliblik shukuhi mag‘lublik iztirobi bilan o‘rin almashadi.
Zamonaning mashhur kishilari mavqei, xarakteridagi tipologik jarayonlar ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Insonlar ong-shuurida yuz beradigan nozik o‘zgarishlar dramatizmi “Boburnoma”ning nafaqat tarixiy, geografik, etnografik asar sifatida, balki badiiy kashfiyot sifatida ham nihoyatda yuksakligini anglatadi.
“Boburnoma”da yirik tarixiy shaxslar: Shayboniyxon, Husayn Boyqaro, Xusravshoh, Boqi Chag‘oniyoniy, Qosimbek, Shohbegim va boshqa yirik tadqiqot ob’ektlari o‘z biografiyasiga ega. Ular tahlilida ham g‘olib va mag‘lublik holatlariga alohida to‘xtab o‘tiladi. Shu asnoda Shaxs generatsiyasi va degradatsiyasining bir-biriga tutashishi va favqulodda ayrilishi tegishli tasniflar orqali aks ettiriladi.
Fikrimizcha, “Boburnoma”da tarixiy shaxslar “men”i larzaga soluvchi, parmalovchi kechinmalar, o‘ylar iskanjasida kompozitsion aspektda izohlanganligi e’tiborga molik. Binobarin, bu alohida mavzu va boburshunoslikning kelgusidagi vazifasidir.
Shu o‘rinda, ushbu mulohazalarimizga dalil sifatida “Boburnoma”da zikr etilgan 1494-95 yillar voqealariga nazar tashlasak. Yosh shahzoda Bobur birinchi marta Samarqand taxtini egallaydi. Uning quvonchi cheksiz. U bobosi Amir Temur poytaxt qilgan va buyuk saltanatga asos solgan mashhur shahar – Samarqand taxtida o‘tiribdi. G‘oliblik nashidasidan sarxush shahzoda “Boburnoma”da yozadi: “Samarqand taxtig‘a o‘lturg‘och, Samarqand beklarini burungudek-o‘q rioyat va inoyat qildim. Bizning bila bo‘lg‘on beklarni ham faroxo‘ri hollarig‘a yarasha tarbiyat va shafqat qildim”.
Ming afsuski, g‘oliblik sururi uzoq davom etmaydi. Bobur atrofidagilarning, ayniqsa, Uzun Hasanning xiyonati tufayli Samarqand qo‘ldan chiqadi. Ilojsiz Boburni beklar va lashkarlar tashlab keta boshlaydi. Kechagina g‘olib Bobur hayal o‘tmay mag‘lub shahzodaga aylanadi, bu haqda u shunday yozadi: “Cherik elining o‘ljasi tugandi. Samarqandni olg‘onda Samarqand andoq xarob erdikim, madad va tuxm va taqovig‘a ehtiyoj bor edi. Chi joyi ulkim, kishi andin nima ola olg‘ay”. Oradan uch oy ham o‘tmasdan g‘olib Bobur ruhiyatini tushkinlik, mag‘lublik alomatlari chulg‘ab oladi. Bobur Samarqandni tashlab Andijonga yo‘l oladi. Bu yerda esa uni fitna kutardi. Bu safar tog‘asi Ali Do‘st “Bobur og‘ir kasal”- deb Andijon muxoliflari bilan kelishib, qal’a eshigini Bobur va uning yaqinlari uchun yopadi. Bobur o‘zining bu paytdagi ruhiy holati naqadar og‘irligini quyidagicha tasvirlaydi: “Andijong‘a bo‘la Samarqandni ilikdan berduk. Andijon ham ilikdan chiqmish edi. Bizga “g‘ofil az injo ronda va az onjo monda” - degandek bo‘ldi. Bisyor shaq va dushvor keldi. Ne uchunkim, to podshoh bo‘lub erdim, bu nav’ navkardin va viloyattin ayrilmaydur erdim, to o‘zumni bilib erdim, bu yo‘sunluq ranj va mashaqqatni bilmaydur erdim”.
Bobur ushbu ruhiy holatini juda aniq, har tomonlama yorqin tarzda ifodalamoqda. Unda afsus va nadomat, o‘z qadriga achinish va xiyonatkorlarlarga nafrat, taqdirdan o‘kinish, yordamga kelmagan, aksincha dushmanlariga yon bosgan yaqinlariga hayrat ko‘zi bilan qaragan, savoliga javob topmagan yosh shahzoda – Boburning tushkin holati mavjud.
Oradan qisqa muddat o‘tgach, Bobur Samarqandni ikkincha marta egallaydi... Yana uni qo‘ldan berib, ilojsiz bir ahvolda Andijonga yuz tutadi. “Ota viloyatikim, ikki yilg‘a yovuqlashib erdikim, ilikdin chiqib edi. Tengri inoyati bila zulqa’da oyida sana 904 da yana muyassar va musaxxar bo‘ldi. Sulton Ahmad Tanbalkim, Jahongir mirzo bila qatilib, O‘sh sari tortib edi, O‘shqa kirgach, O‘shda ham qiziloyoq, qoratayoq qilib zarbi rost ura-ura O‘shdin qovlab, qo‘rg‘onni bizning uchun saxlab, bizga kishi yibordilar”.
G‘olib Bobur, mag‘lub Bobur. Har ikki holatni ham sabr-toqat bilan kutib olgan, o‘ziga shafqatsiz Bobur. Bu haqiqatlarni avlodlar uchun yozib qoldirgan mardona Bobur.
“Boburnoma”da faqat muallif timsolidagi g‘oliblik va mag‘lublik ruhiy holati almashinib turmaydi, uning qariyb barcha perosnajlari uchun bu tipik hol. Ammo Bobur o‘z asarida davr va zamonga munosabatini izhor etadi, atrofini qurshab olgan shaxslar psixologiyasidagi o‘zgarishlarni voqealar xronologiyasida tartib bilan tahliliy shaklda keltiradi. Ko‘rinadiki, “Boburnoma”ni tadqiq etishda ushbu xususiyatlar davrning ob’ektiv tarixiy voqealarini inson shaxsi, tabiati, ichki dunyosi ta’sirida yuz berishi mumkin bo‘lgan jarayonlarni chuqur o‘rganishga, mohiyatini anglashga, bu borada yanada aniq xulosalar chiqarishga muayyan asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Bobur qisqa umri davomida g‘oliblik martabasiga ko‘p marta sazovor bo‘lsa-da, mag‘lubiyat azoblarini ham munosib qarshi oldi. Uning ruhiy kechinmalari mana bu satrlarda yanada yorqinroq ifoda etilgan:
Hol ul edikim, hikoyat ettim,
Gah shukru gahe shikoyat ettim.
Isroil SULAYMONOV,
SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori