“Boburnoma” – o‘zbek adabiyotida dastlabki nasriy memuar, tarixiy ilmiy asar. Eski o‘zbek (chig‘atoy) tilida yozilgan. «Boburiya», «Voqeoti Bobur», «Voqeanoma», «Tuzuki Boburiy», «Tabaqoti Boburiy», «Tavorixi Boburiy» kabi nomlar bilan ham ma’lum. Boburning o‘zi esa «Vaqoye»va «Tarix» degan nomlarni ishlatgan.
«Boburnoma»da 1494-1529 yillarda Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Hindistonda sodir bo‘lgan tarixiy siyosiy voqealar yilma-yil o‘ta aniqlik bilan bayon qilingan. «Boburnoma» o‘zida bayon qilingan voqealar jarayoniga ko‘ra 3 qismga: Boburning Movarounnahr (1494-1504), Afg‘oniston (1504-24) va Hindiston (1524- 30)dagi hukmdorlik davriga bo‘linadi.
Birinchi qismda Boburning otasi Farg‘ona ulusi hokimi Umarshayx Mirzo (1461-94) haqida Boburning Farg‘ona taxtiga o‘tirishi (1494 y. iyun), Temuriylar davlatida avj olgan taxt uchun kurash oqibatida o‘z ulusidan mahrum bo‘lishi (XV asr 90-yillari), Samarqand uchun Shayboniyxonga qarshi olib borgan jangu jadallari (1497 - 1501)ning behuda ketishi va nihoyat, toju taxtdan butunlay ajrab, Hisor tog‘lari orqali taxminan 250 navkar bilan Afg‘onistonga yuz tutishi (1504) haqidagi voqealar batafsil tasvirlangan.

Ikkinchi qismda Boburning Kobulni zabt etgani, so‘ng u yerda mustaqil davlat tuzgani (1508), Eron shohi Ismoil Safaviyning harbiy yordami bilan Samarqandni yana ishg‘ol qilgani (1511), lekin shayboniylar (Ubaydulla Sulton, Muhammad Temur Sulton va Jonibek Sulton)dan yengilib (1512), Kobulga qaytgani, keyin esa Hindistonni zabt etishga hozirlik ko‘ra boshlagani bayon etilgan.
Uchinchi qism esa Boburning Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyni mag‘lub etib (Panipat janglari), Shimoliy Hindistonni bosib olgani (1526) va Boburiylar davlatini barpo qilgani haqidagi ma’lumotlardan iborat. «Boburnomada»da keltirilgan barcha ma’lumotlar, xususan Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Hisor, Chag‘oniyon va Shimoliy Afg‘onistonning XV asr 80-90-yillari va XVI asr I choragidagi siyosiy ahvoliga doir xabarlar o‘zining batafsilligi bilan shu xususdagi boshqa adabiyotlardan tubdan farq qiladi.
«Boburnoma»da Temuriylar qo‘shinining tuzilishi, harbiy san’ati haqida ham noyob ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, Movarounnahr, Afg‘oniston, Xuroson va Hindiston o‘tmishi va zamonaviy holati, xalqlari, qabilalari, ularning tili, madaniyati, kasb-hunari, urf-odatlari, rasm-rusumlari, an’anaviy tadbir-marosimlari, shuningdek, o‘sha davr jamiyatiga xos ijtimoiy tabaqalarga tegishli ma’lumotlar bayon etiladi. Ayniqsa Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Kobul, Hirot, Agra kabi yirik shahar viloyatlarning jug‘rofiy-ma’muriy tuzilishi, madaniy hayoti, tumanlari, aholisi, qishloq xo‘jaligi, daryo va suv havzalari, cho‘l-adirlari, tog‘-sahrolari, bog‘u rog‘lari, tabiati, iqlimi, hayvonot va o‘simliklar dunyosi, tabiiy boyliklari haqida mufassal ma’lumotlar beriladi.
«Boburnoma»da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Shayxim Suhayliy, Husayn Ali Tufayliy, Osafiy, Binoiy, Sayfiy Buxoriy, Ohiy, Muhammad Solih kabi o‘nlab ijodkorlar, Xoja Abdullo Marvariy, Qul Muhammad Udiy, Shayx Noyiy, Yusuf Ali, Mullo Yorak, Shohquli G‘ijjakiy, Husayn Udiy, Behzod, Shoh Muzaffar kabi ko‘plab san’atkorlar tavsif etilib, ularning ijodiy faoliyatlariga xolis baho beriladi.
«Boburnoma» XVI asrdan boshlab hozirgacha dunyoning ko‘p tillari — ingliz, golland, fransuz, fors, nemis, italyan, rus, hind, urdu va boshqa tillariga bir necha marta tarjima qilindi. Sharh izohlar bilan nashr etildi. Angliya, Amerika, Fransiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Yaponiya kabi o‘nlab mamlakat olimlarining ilmiy-tadkiqotlarida «Boburnoma»ning insoniyat yaratgan o‘lmas obidalar qatorida alohida o‘rinda turishi ta’kidlanadi.
«Boburnoma»ning jahonga mashhur bo‘lishida, asosan ingliz sharqshunoslarining xizmati katta bo‘ldi. Yevropadagina emas,balki jahonda birinchi to‘liq nashrini(ingliz tilida) 1826 yilda J.Leyden va V.Erskin amalga oshirdi. F.Talbot esa mazkur nashr asosida 2 marta (1878, 1909) uning qisqartirilgan nashrlarini chop ettirdi. 1921 yilda ingliz sharqshunosi A.Beverij «Boburnoma»ni mustaqil suratda asl nusxadan qayta tarjima qildi. Birgina Angliyaning o‘zida «Boburnoma» tarjimalari 9 marta nashr etildi. Keyingi yillarda «Boburnoma»ning V.Takston tomonidan AQSHda hamda ikki jild hajmda, mukammal so‘zlik, ko‘rsatkich va sharh-izohlar bilan Yaponiyada (Kioto, 1995-96) ilmiy-tanqidiy matni nashr etildi. «Boburnoma» forschaga (1586), undan parchalar Vitsen tomonidan golland tiliga (1705), A.Keyzer tomonidan qisqartirilgan holda nemis tiliga (1828), Pave de Kurteyl tomonidan to‘la holda fransuz tiliga (1871) tarjima qilingan.
«Boburnoma»ni tarjima qilish va tadqiq etishda, shuningdek Afg‘oniston (Abdulxay Habibiy), Pokiston (Rashid Axtar Nadviy, Shoh Olam Mavliyot), Hindiston (Mirzo Nasriddin Haydar, Muhibbul Hasan Rizviy), Turkiya (R.R.Arat va N.I.Bayur) kabi mamlakatlar olimlarining xizmati ham katta. Rus sharqshunoslari (N.I.Pantusov, S.I.Polyakov, V.Vyatkin) ham «Boburnoma»dan parchalarni tarjima qilganlar.
N.I.Ilminskiy «Boburnoma»ni Qozonda nashr ettirdi (1857). «Boburnoma» hamda Boburning she’riy merosini o‘rganishda o‘zbekistonlik olimlar ham salmoqli hissa qo‘shdilar. Professor Abdurauf Fitrat tomonidan tuzilgan «O‘zbek adabiyoti namunalari» restomatiyasida «Boburnoma»dan parchalar, Boburning 31 g‘azali, 2 masnaviy va 28 ruboiysi berilgan. M.Sale «Boburnoma»ni rus tiliga to‘la tarjima qilib, 3 marta (1958, 1982, 1993) nashr ettirdi.
P.Shamsiyev va S.Mirzayevlar tomonidan «Boburnoma»ning ikki jildli (1948) va bir jildli (1960) nashri chop etildi. 1956-66 yillarda Boburning uch jildli Tanlangan asarlari chop etilib, unga Boburning she’riy devoni (1 jild) va «Boburnoma» (2-3 jildlar) kirgan. Bobur va uning ilmiy merosini o‘rganishga S.Azimjonova katta ulush qo‘shgan. «Boburnoma»ning M.Sale tomonidan qilingan tarjimalari uning batafsil so‘z boshisi va tahriri ostida nashr etilgan.
Ozoda AKBAROVA,
O‘zbekiston davlat jismoniy
tarbiya va sport univesriteti
O‘zbek va chet tillari
kafedrasi uslubchisi
O‘zA