Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ingliz olimi Uilyam Erskin shunday degan: “Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Karomat Mullaxo‘jayeva o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, Boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ilmiy merosi haqida quyidagilarni gapirib berdi.

– Zahiriddin Muhammad Bobur tarixda o‘tgan yuzlab, minglab hukmdorlar qatorida nomi tilga olinadigan, o‘z siyosati va harbiy taktikasi bilan ajralib turadigan hukmdorlardan biridir. Dunyo  olimlari Boburni Yuliy Sezarga, “Boburnoma”ni esa Sezarning “Kommentariylar”iga qiyoslaydi, hatto Bobur va “Boburnoma”ni Sezar va uning asaridan ustun qo‘yadi. Bobur ijodida o‘zbek nasrining bebaho adabiy yodgorligi – “Boburnoma” asari muhim o‘rin tutadi. Ma’lumotlarning jamlangani va ularning ishonchliligi bo‘yicha “Boburnoma” o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo, Eron, Afg‘oniston va Hindistonda yozilgan bu kabi asarlar orasida benazir va muhim qimmatga ega tarixiy nasr namunasidir.

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari o‘z davrining ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy hayotini aks ettiruvchi qimmatli manba. Boburdek hukmdor va shoirning murakkab va sertashvish hayot yo‘lini ko‘rsatgan ushbu asardan Boburning farmonlari ham o‘rin olgan. Ular o‘z navbatida Boburning ijtimoiy-siyosiy faoliyati va uning shaxsiyati haqidagi fikrlarimizni kengaytirish uchun xizmat qiladi.

Boburshunoslar orasida Bobur farmonlariga muayyan masalalar doirasida e’tibor qaratilgan. Xususan, akademiklar Sabohat Azimjonova, Aziz Qayumov, professor Hasan Qudratillayev Bobur farmonlarini davlat boshqaruvi sohasidagi tadqiqotlari doirasida o‘rganib chiqqan.  Hindiston va Pokistondan deyarli yarim asr oldin Sabohat Azimjonova tomonidan olingan uchta farmon nusxalarining matnlari asosan madadi maosh yoki suyurg‘ol masalalariga tegishli. Ushbu farmonlar o‘sha davrdagi Panjobda mavjud yer munosabatlari haqidagi bilimlarimizni to‘ldiradi. “Hindistonda bo‘lgan payti  Bobur doimiy ravishda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Eron bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga intildi. Bu aloqalar Boburning 1511 yildagi mag‘lubiyatidan so‘ng uzilib qolgan edi... Boburning Agra va Kobul o‘rtasidagi masofani o‘lchash, karvonsaroylarni obodonlashtirish, savdo yo‘llarida maxsus quduqlar qurish, yo‘lovchilar uchun oziq-ovqat mahsulotlari va ularning ulovi uchun yem-xashak tayyorlash bo‘yicha maxsus farmoni mamlakatning tovar ayirboshlash hajmini oshirish, boshqa mamlakatlar bilan tashqi aloqalar tizimini yaxshilash maqsadida chiqarilgan edi”, – deb yozadi olima. 

Shuni alohida ta’kidlash muhimki, Bobur farmonlarining asosiy manbai bu – “Boburnoma”dir. “Boburnoma”da podshoh Boburning yuzdan ortiq farmoni batafsil bayon etilgan. Ushbu farmonlarning matnlari har doim ham iqtibos ko‘rinishida keltirilmaydi. Ko‘p hollarda farmonning yozilish sababi, vaqti va uning adresati haqida ma’lumotlar beriladi, uning mazmuni esa o‘quvchiga ba’zan batafsil, ba’zan esa umumlashtirib yetkaziladi. Aytish mumkinki, buni “Boburnoma”ning uslubi talab qiladi. Ma’lumki, Temuriylar davlatchiligi mukammal shakllantirilgan va uning davomchilaridan biri bo‘lgan Bobur, albatta, bu masalaga befarq emas edi. Ayni paytda Boburning ijodkor shaxs ekani farmonlari kuchining oshishiga yordam bergan. 

Farmonlar Bobur olib borgan siyosatni aks ettiradi. “Boburnoma”da ko‘rsatilgan farmonlarning turlariga qarab, tashqi va ichki siyosat vaziyat talablariga muvofiq bir-biri bilan uyg‘unlikda amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Tinchlik davrida Afg‘oniston va Hindistonda ichki siyosat, shu jumladan, obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida farmonlar chiqarildi. Masalan, Bobur mas’ul shaxslarga quduq qazish, hammomlar qurish, bog‘lar barpo etish va muayyan inshootlarni qurib yakunlash bilan bog‘liq ishlarni bajarishni buyurib, farmon beradi.

Harbiy siyosatga oid farmonlar qo‘shinni boshqarishda juda muhim ahamiyat kasb etardi. Chunki Bobur olib borgan deyarli barcha janglar juda og‘ir va qiyin sharoitlarda kechdi. Turli xalqlardan tashkil topgani Bobur qo‘shinining askarlarida qaysidir vaziyatlarda qilayotgan ishiga nisbatan  ishonchsizlik hissi paydo bo‘lar va buni yaxshi his qilgan Bobur ularni turli yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlar, beshak g‘alaba qozonishlariga ishontirib, ularni ilhomlantirar edi. Ko‘pincha, urushda erishilgan g‘alabadan so‘ng, askarlarni mukofotlash va rag‘batlantirish uchun farmonlar chiqarardi. 

Aynan shu yerda Boburning xarakteri, uning qat’iyatli  rahbar shaxs va ko‘ngil odami ekani namoyon bo‘ldi. Bobur “Boburnoma”da shunday yozadi: “Shu kunlarda bo‘lib o‘tgan voqealardan, avval ham zikr etilgandi, kattayu kichikda qo‘rquv va xavotir oshdi. Hech kimdan mardona so‘z va shijoatli fikr eshitilmasdi. Na so‘zamol vazirlar va viloyat so‘rayotgan amirlarning na so‘zlarida, na tadbirlarida mardonalik bor edi, na o‘zlari va qarorlarida himmat bor edi. Bu yurishda birgina Xalifa o‘zini juda yaxshi tutdi. Hokimiyatni qo‘lda tutish, mustahkamlash bobida sa’y-harakat va g‘ayrat qilib xatoga yo‘l qo‘ymadi. Oxiri, odamlarning bunday qo‘rqoqlik va sustliklarini ko‘rib, bir reja o‘ylab topdim. Barcha bek va yigitlarni chaqirib shunday dedim:

“Beklar va yigitlar!

Harki omad bar jahon ahli fano xohad bud,

On ki poyandavu boqist, Xudo xohad bud.

(Mazmuni: Har kimsa bu jahonga kelarkan, oxiri yo‘qlikka ketadi, abadiy qoluvchi yolg‘iz Ollohdir).

Hayot majlisiga kirgan odamning har biri oxir-oqibat ajal qadahidan ichadi va tiriklik manziliga kelgan har bir kishi oxiri dunyo g‘amxonasidan kechib ketadi. Yomon nom bilan tirik yurgandan, yaxshi nom bilan o‘lgan afzal.

Ba nomi neko‘ gar bimiram ravost,

Maro nom boyad, ki tan margrost.

(Mazmuni: Yaxshi nom bilan o‘lsam, shu yetadi, menga yaxshi nom kerak, tana esa o‘lim uchundir.)

Tangri taolo bunday saodatni bizga nasib qilibdi va bunday davlatni bizga yaqin aylabdi. O‘lgan – shahid, o‘ldirgan – g‘oziy. Barchangiz Tangrining kalomi nomi bilan bu urushdan hech kim yuz o‘girishni xayoliga keltirmasligi va to tanasidan joni chiqmagunicha, bu jang va urushdan chiqib ketmasligini aytib, ont ichmog‘ingiz kerak”. 

Bek va navkar, kattayu kichik — hammasi istak bilan Qur’onni qo‘liga olib, ana shu mazmunda qasam ichib, va’da berdilar. Bu juda yaxshi reja edi. Yaqin-yiroqdagi do‘stu dushmanning ko‘zi va qulog‘i eshitishi uchun yaxshi bo‘ldi”.

Qo‘shindagi askarlarning intizomiga oid farmonlarda nafaqat askarlar manfaati, balki bosib olingan yer aholisiga g‘amxo‘rlik ham aks ettirilgan. “Boburnoma”dan misol: “Yon atroflarida ekanimizda shahardan ko‘p bozorchilar va har xil odamlar chiqib, o‘rdamiz bozorga aylanib, savdo-sotiq qilar edilar. Bir kuni kechqurun birdan xaloyiq g‘avg‘o ko‘tarib, musulmonlar molini batamom talon-toroj qildilar. Lashkar zabti shu darajada ediki, elning talangan narsalarining hammasini saqlamay qaytarib bersinlar, degan farmon bo‘ldi. Ertasi ertalab ikki-uch soat ichida bir qatim ip va igna sinig‘igacha biror narsa lashkar qo‘lida qolmadi, hammasini egalariga qaytarib berdilar”.

Bobur farmonlari orasida chaqiruv farmonlari, shuningdek, va’da va tahdidlar to‘g‘risidagi farmonlar muhim o‘rin tutadi. Bular, asosan, tashqi siyosatga oid farmonlardir. Chaqiruv farmonlarida Bobur o‘zi bosib olgan yerlar atrofida joylashgan xalqqa va ularning hukmdorlariga murojaat qilib, ularni o‘ziga qaratishga harakat qilsa, va’da va tahdidlarga oid  farmonlarida ixtiyoriy-majburiy bo‘ysunishga da’vat shaklini qo‘llaydi. Boburning xabar berishicha, u o‘z farmonlarini muhrlab, elchi, chopar yoki ishonchli vakil orqali yuborgan. Uning farmon chiqargani va ijrosini o‘zi nazorat qilgani haqidagi ma’lumotlarni ham ushbu xotira-memuarda o‘qish mumkin. Masalan: “Bu qarorgohdan ko‘chib Shohobodga keldik. Sulton Ibrohimning qarorgohiga “til” tutib kelish uchun odam jo‘natdik va shu bois bir necha kun shu yerda qolib ketdik. Rahmat piyodani g‘alaba haqidagi xabarlar bilan Kobulga yubordik”.

“Boburnoma”da ikkita farmon to‘liq berilgan. Bobur ushbu farmonlar qanday tayyorlangani va ularni yozish sabablari haqida batafsil ma’lumot beradi. Bu farmonlar forsiyda bitilgan. Birinchi farmon mast qiluvchi ichimliklardan voz kechishga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchisi Raano Sango bilan bo‘lgan jangga tegishli.

Boburning mast qiluvchi ichimliklarga munosabati “Boburnoma”da yaxshi tasvirlangan. Boshqa Temuriylar singari, Bobur ham sharobdan bebahra bo‘lmagan.  Ammo u qilgan barcha ishlarini va uni tashvishga solgan narsalarni tahlil qilgach, boshqa bu ichimlikka berilmaslik haqida o‘ziga so‘z beradi. Ushbu farmon, shuningdek, Boburning ruhiy iztiroblarini, ko‘nglida kechayotgan tashvishlarini hamda o‘z-o‘zi bilan bo‘lgan katta kurashini ifodalaydi. Ushbu farmon imonni mustahkamlash va keyingi g‘alabalar uchun zamin yaratdi.

Bu ikki farmonning Bobur va Boburiylar faoliyatidagi rolini, o‘sha davrdagi siyosiy va ijtimoiy hayot manzarasini tasavvur etishdagi o‘rni juda muhim. Bu farmonlar maxsus tadqiqotlarni talab qiladi. Boburning insoniy fazilatlari va qalbi forsiy tilda yozilgan maxfiy vasiyatnomasida hamda qarindoshlariga, shu jumladan, bolalariga yozgan maktublarida yanada aniqroq ko‘rinadi. Tarixiy voqealarning muhim tafsilotlarini o‘z ichiga olgan Bobur farmonlari o‘sha davrning huquqiy, ijtimoiy-siyosiy hayotini  va davr ruhini aks ettira oladi. 

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Boburnoma” asarida Bobur farmonlarining ahamiyati