Boburjon Omonov Paraosiyo o‘yinlari chempioni
Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni yana uchtaga ko‘paydi.
Ma’lumot uchun, para yengil atletika bahslarining erkaklar o‘rtasidagi F41 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha mamlakatimiz sharafini Boburjon Omonov munosib himoya qildi. Xususan Boburjon 13,07 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Hamyurtimiz ushbu natijasi bilan musobaqa rekordini ham yangiladi.
Ayollar o‘rtasida T37 klassida uzunlikka sakrash bahslarida Sabina Suxanova 4,39 metr natija bilan kumush, Shahina Azimova esa 4,12 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para suzish bo‘yicha ayollar o‘rtasida S13 klassida 100 metrga chalqancha suzish bahslarida ishtirok etgan Muslima Odilova 1 daqiqa 12.99 natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Para taekvondoning +80 kg. vazn toifasi finalida Umarjon Mo‘ydinov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ayni damga kelib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 27 ta oltin, 29 ta kumush va 30 ta bronza, jami 86 taga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA