-
Tole yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?...
Vatan ishqida yonib, sog‘inch bilan o‘rtanib, iztirob chekib yashagan Zahiriddin Muhammad Bobur — ulug‘ shoir, adolatli sulton, mohir sarkarda, xattot, geograf hamda “Boburnoma”dek yirik tarixiy-memuar asarni bitgan mahoratli adib.
Bobur 1483 yil 14 fevralda Andijonda tavallud topgan. U buyuk sarkarda Amir Temurning beshinchi avlodi hisoblanadi. Shayboniyxon bilan o‘rtasidagi to‘qnashuvlar sabab Vatanini tark etishga majbur bo‘lib, Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan.
Bobur 1526 yil aprelda Panipatda Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning yuz ming kishilik qo‘shinini 12 minglik askari bilan tor-mor qilib, Hindiston hukmdoriga aylangan.
Muhammad Bobur turkiy, fors, arab va hind tillarini bilgan va shu tillarda ijod qilgan. “Mubayyin”, “Xatti Boburiy” “Harb ishi”, “Musiqa ilmi” kabi asarlar yozgan. Uning mashhur “Boburnoma” asari XV-XVI asrlarning siyosiy va ijtimoiy hayoti haqida aniq va batafsil ma’lumot beradi.
Bobur Kobulda «Bog‘i Shahroro», «Bog‘i Jahonoro», «O‘rtabog‘», «Bog‘i vafo» va «Bog‘i Bobur» kabi oromgohlar bunyod etgan.
Adib va buyuk sarkarda 1530 yil 26 dekabrda 47 yoshida o‘zi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etgan va o‘sha yerda dafn etilgan. Keyinchalik uning vasiyatiga ko‘ra xoki Kobulga olib boriladi va o‘zi bunyod ettirgan «Bog‘i Bobur»ga qo‘yiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HO1v4KOCHIM" title="Bobur qaysi tillarda ijod qilgan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bobur asos solgan Boburiylar sulolasi Hindistonda uch yuz yildan ortiq hukmronlik qilib, buyuk sivilizatsion va madaniy taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatgan.
Videolavha O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi.
M.Komilova, A.Ahmedov (video), O‘zA