Bobur Mirzoning bobosi Hazrat Navoiyga qanday munosabatda bo‘lgan?
Temuriylar tarixidagi ziddiyatli taqdir va talqinga ega shaxslardan biri Sohibqironning chevarasi, Bobur Mirzoning bobosi Abu Said Mirzo (1451-1469)dir.
Temuriylar tarixidagi ziddiyatli taqdir va talqinga ega shaxslardan biri Sohibqironning chevarasi, Bobur Mirzoning bobosi Abu Said Mirzo (1451-1469)dir. Uning Mirzo Ulug‘bek fojiasidan ikki yil o‘tib, Samarqand taxtini egallagani, keyin Hirotni qo‘lga kiritgani, Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegimni qilichdan o‘tkazgani, Navoiyning ikki tog‘asini qatl ettirib, uning o‘zini Hirotdan badarg‘a qilgani haqida ko‘pchilik bilishi mumkin.
Ayrim adabiyotshunos va tarixchilar Abu Said Mirzo qattiqqo‘l hukmdor bo‘lish bilan birga, Movarounnahr va Xurosonda bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, madaniyat rivojiga ham birmuncha hissa qo‘shganini ta’kidlashadi. O‘z faoliyati davomida shafqatsiz jangu jadallarga guvoh bo‘lgan, kibru havoga chandon berilgan hukmdorning o‘limi ham uning fe’liga xos bo‘lgan.
Bobur Mirzo “Boburnoma” asarida bobosining Alisher Navoiy bilan munosabatlari haqida yozarkan, “bilmon ne jarima bila Sulton Abu Said Mirzo (Navoiyni) Hiriydin ixroj qildi. Samarqandg‘a bordi, necha yilkim, Samarqandda edi” degan ma’lumotlarni keltirib o‘tadi.
Ma’lumki, Abu Said Mirzo temuriylar taxtini egallaganidan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay, turkmanlarning Oqqo‘yunli urug‘i vakili Uzun Hasan (1453-1478) 1467 yilda Qoraqo‘yunli davlatining hukmdori Jahonshoh (1435-1467)ni mag‘lub etib, o‘z davlatiga asos soladi. Uzun Hasan garchi avval temuriylar bilan yaxshi munosabatda bo‘lsa-da, davlat tepasiga Abu Said Mirzo kelishi bilan bu aloqalarga putur yetadi. Chunki, Abu Said bir paytlar temuriylarga tobe bo‘lgan Oqqo‘yunlilar davlati hududi, xususan, Ozarbayjonga ko‘z tika boshlagan edi.
1468 yil qishning o‘rtalarida Abu Said Mirzo Ozarbayjonga qo‘shin tortadi. Miyona degan qasabaga yetgach, u Oqqo‘yunlilar sultoni Uzun Hasanga eski o‘zbek tilida, uyg‘ur alifbosida maktub yozib yuboradi.
Maktub keyinchalik Uzun Hasan Sulton Mehmetdan yengilganidan keyin Istanbulga olib kelinadi va ayni paytgacha Turkiyada, To‘pqopi saroyi muzey-arxivida saqlanib kelmoqda.
Maktubdan olingan quyidagi satrlarda Abu Said o‘z kuch-qudratiga ortiqcha bino qo‘ygani, raqibiga mensimaslik bilan qaraginini ko‘ramiz: “Sulton Abu Said Ko‘ragon so‘zim. Hasanbekka salom tegach, so‘z ulkim, Tengri inoyati bo‘lub, Sohibqiron Temurbek tamom mamolikni musaxxar qilib yuruganda, ulug‘ otang Usmonbek chin ko‘ngli bila bek davlatiga panoh kelturub, ixlosini bildurgan uchun, bek dag‘i inoyatlar qilib, barcha ulusdin ortuqsi ko‘rub, Diyorbakir viloyatini bildurub, xossatan o‘g‘il ushoqining tinchligi uchun Hamidtek (?) yerni dog‘i suyurg‘ab yurt bergan turur. Usmonbek dog‘i bekning ul inoyat shafqatini unutmayin, Bekdin so‘ngra o‘g‘lonlarig‘a chin ixlos bila kuch berib, burun bek chog‘inda qilg‘an xizmatlarini hargiz o‘zga qilmadi. Tengri inoyat qilib, Sohibqiron bek otamning taxtini menga ro‘ziy qildi esa, sen dog‘i otang yurtini bilib, el-ulusingni boshlag‘oningdin beri yaxshilig‘ing chin e’tiqodingni bildurub erding...”
Mazkur maktubidan ko‘rinib turibdiki, Abu Said Uzun Hasanni o‘ziga bo‘ysunishini, uning otalari xuddi Amir Temurga xizmat qilgandek xizmat qilishini istaydi.
Tarixchi Mirxondning “Ravzatus-safo” asarida yozilishicha, ushbu nomani olganidan so‘ng, Uzun Hasan Abu Saidga inisi Yusufbekni elchi qilib yuborib, sulh tuzishni taklif qiladi. U o‘z maktubida Abu Said Mirzodan uzr so‘rab, yuz yildan beri ota-bobolari Amir Temur va uning avlodlariga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgani, bundayn buyon ham shunday bo‘lib qolishini, faqat Ozarbayjondan chiqib ketish uchun bahorgacha ruxsat berishni so‘raydi. Abu Said esa, Uzun Hasanning bu uzrxohligidan yanada havolanib, ilgarilashda davom etadi.
Aslida bu Uzun Hasanning hiylasi edi. Shu tariqa u Abu Saidni qopqonga tushirmoqchi edi va bunga muvaffaq ham bo‘ldi. Sulh taklifiga quloq osmagan Abu Said Qorabog‘ tomon ilgarib boraveradi. Ammo, haddan tashqari sovuq va oziq-ovqat tanqisligi temuriy sultonning 50 ming kishilik qo‘shinini holdan toydiradi. Amirlar va beklar Abu Saiddan yuz o‘girib, yarim yo‘ldan tashlab ketadilar. Endi Abu Saidning o‘zi Uzun Hasan bilan sulh tuzishni taklif etib, hatto uning huzuriga onasini yo‘llaydi. Uzun Hasan xuddi shu fursatni kutib turgan edi. U Abu Saidning oz sonli qo‘shini osonlik bilan mag‘lub etib, uning o‘zini asir oladi.
Oqqo‘yunlilar davri tarixchisi Abu Bakr Tehroniyning yozishicha, Abu Saidni navkarlar Uzun Hasanning qabuliga olib kirishadi. Uzun Hasan temuriy hukmdorga poygakdan joy ko‘rsatadi. “Bu yer mening obro‘-e’tiborimga to‘g‘ri keladigan joy emas, menga to‘rdan joy berishing kerak edi” deydi Abu Said Mirzo. Uzun Hasan unga javoban “agar sen o‘z ixtiyoring bilan huzurimga mehmon bo‘lib kelganingda, senga to‘rdan joy ko‘rsatardim. Ammo, sen menga qarshi qilich yalang‘ochlab kelding va oxir-oqibat yengilding, shu bois, seni bundan yuqoriroqqa o‘tqazolmayman” deb javob beradi.
Xuddi shu paytda Abu Saidning ashaddiy raqiblaridan biri – Shohruh Mirzoning chevarasi Yodgor Muhammad Mirzo (1451-1470) Uzun Hasanning saroyida vaqtincha yashab turgan edi. Oqqo‘yunli hukmdori Abu Saidning taqdirini hal etishni Yodgor Mirzoga topshiradi. 1457 yilda Abu Said mirzo Ulug‘bekning onasi va Yodgor Mirzoning buvisi Gavharshodbegimni keksa yoshli ayol ekaniga qaramay, shafqatsizlarcha o‘limga buyurgan edi. Yodgor Mirzo esa buvisi Gavharshodbegimning xuni evaziga Abu Saidni qatl etadi.
Shu tariqa Abu Said Mirzo o‘z Vatanidan olisda hayot bilan vidolashadi.