Bobur merosi – millat xazinasi
Zahiriddin Muhammad Bobur – o‘zbek shoiri va qomusiy olim, mashhur davlat arbobi, mohir sarkarda, o‘zbek milliy adabiyotining buyuk namoyondalaridan biri. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.
Mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, shoir tug‘ilgan kun – 14 fevral sanasi har yili mamlakatimiz bo‘ylab adabiyot va ilm-ma’rifat bayrami sifatida nishonlanmoqda. Boburshunoslik sohasida ko‘plab tadqiqotlar, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Keyingi yillarda Toshkent va Andijon shaharlarida Bobur Mirzoning muazzam haykallari o‘rnatilgani, uning tug‘ilib o‘sgan yurti – Andijon shahrida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va uning tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi faoliyat ko‘rsatayotgani, “Bobur ensiklopediyasi”, “Bobur kulliyoti”, “Babur. Baburidы. Bibliografiya” deb nomlangan salmoqli asarlarning nashrdan chiqarilgani, “Bobur va dunyo” jurnalining tashkil qilingani madaniy hayotimizda katta voqea sifatida e’tirof etildi.
Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga – Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mohiyatini, uning yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, Bobur Mirzoning ilmiy va ijodiy merosini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yanada chuqur o‘rganish va targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bobur she’riyatida inson axloqi va ma’naviy kamoloti masalalari ham tilga olingan. Shoir insonni yuksaltiradi, unga katta hurmat bilan qaraydi, inson qadr-qimmatini yuksak qo‘yadi. U bunga zid bo‘lgan narsalarni rad etadi. Boburning fikricha, xudbinlik, izzattalablik, ochko‘zlik, manmanlik insonni halok qiluvchi bo‘lmag‘ur fazilatlardir. Shoir odamlarga samimiy maslahatlar beradi. O‘z ruboiylarida u inson o‘zida eng yaxshi axloqiy fazilatlarni qanday tarbiyalashi kerakligi haqida gapiradi.
Shoir shu mavzuga to‘xtalib, inson hayotining asosiy maqsadini mehr-oqibat, saxovat, olijanoblik va halollikda ko‘radi. Do‘stlikni u inson sifatining eng muhim jihati va dushmanga qarshi kurashdagi qudratli kuch deb hisoblaydi.
Bobur asarlarining badiiy tili haqida gapirganda, uning soddaligi, ommabopligi, aniqligi va lo‘ndaligini qayd etish lozim. Shoir balandparvoz iboralar va murakkab ifodalarni yoqtirmaydi. Bobur tilining soddaligi uning ijodi, his-tuyg‘u va kechinmalarining o‘quvchilar tomonidan aniq idrok etilishiga xizmat qiladi.
Bobur ma’nosiz gap sotishlardan qochishga, o‘z fikrini qisqa, aniq va sodda ifoda etishga, odamning o‘zi tushunmaydigan so‘zlarni ishlatmaslikka chaqiradi. Boburning ijodiy mahorati uning nasriy asarining tasviriy tiliga chuqur va katta ta’sir ko‘rsatganidan, bu unga katta badiiy go‘zallik va keng shuhrat bag‘ishlaganidan dalolat beradi.
Boburning ijodiy mahorati badiiy-adabiy uslubda, ona tilining eng ifodali vositalaridan mohirona foydalanishda va xalq ijodiyoti manbalarini ijodiy tasavvur qilishda o‘z ifodasini topadi.
Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomqozongan bo‘lsa, o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan joy oldi.
Boburning mazkur asari tilga munosabatining yaqqol ifodasidir. Aynan Boburning mazkur shoh asarida o‘zbek tilining leksik imkoniyatlari, lingvistik xususiyatlari jamlangan. Asar tilining o‘ziga xosligi, voqelikni imkon qadar aniq, lo‘nda, ta’sirchan ifoda etishda yozma nutq mahorati alohida diqqatga sazovordir. Bobur voqelikni ifoda etishda leksik birliklardan mahorat bilan foydalangan: devon kuni (o‘tgan kun), tuno-kun (tunu kun), oxirzamon (hukmronligining keyingi davrlari), ilgida xamir bo‘lmoq (mute bo‘lmoq), oriyati quyulmoq (vaqtincha tayinlanmoq), shunqor bo‘lmoq (o‘lmoq) kabilar bevosita Bobur uslubiga xos ifodalardir. Boburning o‘zi turkiy so‘zlar asosida bir qancha terminlarni yasagan.
Masalan, qo‘shinning dushman qismini yorib hujum qiladigan qismini yorqunchi deb ataydi. Shuningdek, imlo masalalariga, ayniqsa, arabcha so‘zlar imlosiga alohida e’tibor bergani ma’lum. Uning so‘z imlosiga munosabati o‘g‘li Xumoyunga yozgan maktubida namoyon bo‘ladi. Unda Bobur muallif ism imlosi va ma’nosiga e’tiborli bo‘lish, ota-onaning o‘z farzandiga munosib ism berish farzi haqida, imlo masalalari, husnixat va uning ahamiyati, til va tafakkur bog‘liqligiga to‘xtaladi.
O‘g‘lining xatiga oid tanbehlar berib, uni xatosiz yozishga undaydi: “Bundan nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti. Ham sanga tashvish ozroq bo‘lur ham o‘qug‘uchig‘a”. Fikni ifodalashni nutq imkoniyatlari orqali mukammal egallagan Bobur buni o‘g‘lidan ham talab etgan.
Bularning barchasi Bobur ijodining o‘zbek adabiy tili taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos ekanligini ko‘rsatadi.
Ozoda AKBAROVA,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
O‘zbek va chet tillari kafedrasi uslubchisi
O‘zA