Andijon davlat texnika institutida buyuk shoir va olim, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan “Bobur kabi sevgin Vatanni” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, boburshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi raisi, yozuvchi va shoir Orifjon Meliyev, institut dotsenti, Respublika ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Akmaljon Ermatov va boshqalar so‘zga chiqdi. Boburning hayoti, faoliyati, boy ijodiy merosi, madaniyat, diniy va dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan asarlari, ularni har tomonlama o‘rganish, targ‘ib etish xususida gapirdi.
Ayniqsa, Bobur mukammal shaxs, go‘zal xulq-atvor egasi, shijoat, halollik, vafodorlik, sabr-toqat, himmat, adolat, rahm-shafqat kabi yuksak fazilatlar sohibi sifatida o‘z davrining eng ilg‘or kishilaridan biri, ko‘plab xalqlarning hurmat-e’tirofiga sazovor bo‘lganligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ijodkorlar, iqtidorli talabalar tomonidan Boburning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi, san’atkorlar ijrosida Bobur g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar kuylandi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari