Bobotog‘ obod va farovon massivga aylanadi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Uzun tumanidagi Bobotog‘ massivida bo‘lib, Prezidentimizning 2021 yil 17 fevraldagi “2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog‘ hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi bilan tanishdi.
Chekka va olis hududda amalga oshirilayotgan ishlar, odamlarga yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, aholi bilan yuzma-yuz uchrashdi. Viloyat rahbarining sayyor qabulida murojaatchilar elektr energiyasi va ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, aholi bandiligini hal etish kabi muhim masalalarni o‘rtaga tashladi.



– Uzoq yillar e’tibordan chetda qolgan bu massivda qalbida shukronalik tuyg‘usi mustahkam, sabr-qanoatli odamlar yashaydi, – dedi Ulug‘bek Qosimov. – Sizlarning munosib turmush kechirishlaringiz uchun davlatimiz alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning Bobotog‘ hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga oid qarori ham bugungi hayotdan rozi bo‘lib yashashlaringizni ta’minlash uchun qabul qilingan. Eng muhimi Bobotog‘da unumdor yer bor. Atroflaringiz bepoyon o‘rmon. Bandlik masalalaringizni yechib, daromadlaringizni yanada oshirish uchun bu imkoniyatdan ham unumli foydalanamiz. Bugun biz mutasaddilar bilan aynan ana shu masalani ham muhokama etib, zarur chora-tadbirlarni belgilab olamiz. Bobotog‘ni obod va farovon massivga aylantiramiz.

Yuzma-yuz muloqot chog‘ida Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligi yerlarini odamlarga ijaraga berish orqali bandligini ta’minlab, daromadini oshirish, pista va kovrak ko‘chatlarini ko‘paytirish yuzasidan tegishli topshiriq berildi. Shu kuni Toltug‘ay mahallasidagi 34-maktabda mutasaddilarning hududni rivojlantirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyihada 8 ming 400 gektar maydonni foydalanishga kiritib, uning 400 gektarida sholi yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Qolgan maydonlarda ham hududning iqlimiga mos qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlab, salmoqli hosil olish rejalashtirilgan.

Viloyat rahbari ekinlarni sug‘orish uchun massivni oqova suv bilan ta’minlaydigan to‘rtta nasos stansiyasini to‘la quvvatda ishga tushirishga xalqaro grant mablag‘larini jalb etish g‘oyasini ilgari surdi. Oqmachit mahallasidagi 984 oilada 3 ming 500 nafardan ziyod aholi yashaydi. Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino bunyod etilib, “mahalla yettiligi”ning faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Viloyat rahbari mahalla binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Hududda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berib, mahalla faollari bilan daraxt ko‘chatlari ekdi.

– So‘nggi yillarda Bobotog‘ chinakam bunyodkorlik maydoniga aylandi, – deydi Oqmachit mahallasi raisi Tojiddin G‘ulomov. – Davlatimiz biz uchun katta imkoniyatlar yaratib, tadbirkorlarimizga imtiyozlar ham berdi. Maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilib, farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishi uchun zarur qulaylik yaratilmoqda. Tibbiy xizmat ko‘rsatish rivojlantirilyapti. Xullas, mahalla idorasigacha qurib berilmoqda. Ichimlik va oqova suv muammolarimiz hal bo‘layotir. Yangi yerlar o‘zlashtirilmoqda. Bularning barchasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilganidan xalqimiz juda mamnun.


Yo‘l-yo‘lakay viloyat rahbari mahalladagi 63-maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini ham ko‘zdan kechirdi. Ta’lim muassasasining isitish tizimi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishda muddat belgilanib, mas’ullarga vazifalar topshirildi. Mamlakatimizning turli hududlaridan Bobotog‘ga kelib, yoshlarga saboq berayotgan fidoyi o‘qituvchilar holidan xabar olindi. Uchrashuvda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish xususida atroflicha fikr almashildi. Ulug‘bek Qosimov maktabda YUNISEF ko‘magida tashkil etilgan sayyor tikuvchilik sexi, tayyorlov guruhlari faoliyati va kutubxona bilan tanishdi. A’lochi o‘quvchilarga qiziqarli kitoblar jamlanmasini tuhfa qildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri