Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar soni ko‘payib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmining ortib borayotgani yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarda muhim o‘rin tutadi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy bo‘limlari talaba hamda bitiruvchilari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun har yili o‘tkazib kelinayotgan mazkur yarmarka ish beruvchilar, o‘quv muassasalari va yosh mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam berayotir.
Joriy yilgi yarmarkada soha mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qarashli o‘ttizdan ziyod kompaniya, korxona, tashkilot va muassasalar tomonidan 630, davlat organlari hamda xususiy korxonalar tomonidan esa 430 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.
«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» ochiq aksiyadorlik jamiyati, “UNICON.UZ” ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi, «UZINFOCOM» komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi, «O‘zbekiston pochtasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati kabi bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etgan kompaniyalar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha mavjud mutaxassisliklarni qamrab olgan.
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi takliflari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini muntazam kengaytirmoqda va ayni paytda bu yerda muhandis-dasturchi, tarmoq ma’muri, koll-markaz xodimi kabi bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.
– Bu yil 150 dan ziyod bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdik va yosh mutaxassislarning ariza hamda hujjatlarini qabul qilmoqdamiz, – deydi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining kadrlar zaxirasini rasmiylashtirish va o‘quv muassasalari bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Behzod Yo‘ldoshev. – Kelib tushgan barcha arizalar bir oy ichida ko‘rib chiqiladi va shundan so‘ng nomzodlar suhbatdan o‘tadi.
Sug‘urta firmalari, banklar tomonidan taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari oliy o‘quv yurtlari talabalari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari e’tiborini tortdi.
– Yarmarkada mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini diqqat bilan o‘rganib chiqdim, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining birinchi kurs magistranti Hasanboy Ismoilov. – Bir qancha korxonalarga o‘zim haqimda ma’lumotlar taqdim etdim va keyinchalik ishga joylashishimga ishonaman.