Payshanba kuni Isroil xavfsizlik perimetrini ta’minlash va keyinchalik yarim eksklavni yangi “fuqarolik hukumati” nazoratiga o‘tkazish maqsadida G‘azo sektorining butun hududi ustidan nazorat o‘rnatish niyatini e’lon qilgan edi. Bu xalqaro hamjamiyat noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan BMT Xavfsizlik Kengashi bugun favqulodda yig‘ilish o‘tkazmoqchi. Majlis shanba kuniga belgilangani "RIA Novosti" Pokistonning jahon tashkilotidagi missiyasi bergan ma’lumotga tayanib tarqatgan xabarida ta’kidlangan.
Bir necha oydan beri qamalda saqlanayotgan G‘azo aholisi ayni dam ocharchilikning dahshatli oqibati bilan kurashib kelmoqda. Hududda 2023 yil oktyabr oyidan oziq-ovqat ta’minoti izdan chiqqan. Odamlar, ayniqsa bolalar oziq-ovqat yetishmovchiligi inqirozi sharoitida to‘yib ovqatlanmaslikdan nobud bo‘lmoqda. Mahalliy Sog‘liqni saqlash idorasi ma’lum qilishicha, hozirgacha o‘lganlarning umumiy soni 201 kishiga yetgan, ulardan 98 nafari bolalar.
- So‘nggi 24 soat ichida G‘azo sektoridagi shifoxonalarda ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikdan to‘rt o‘lim holati qayd etildi, jon berganlardan ikki nafari norasida go‘dak, - deyilgan departament bayonotida.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqi bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Isroil G‘azo aholisiga oziq-ovqat yetkazilishiga to‘sqinlik qilishi insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lishi mumkinligini aytdi.
- Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami kirishini keskin cheklashda davom etmoqda, ruxsat berilgan yordam miqdori esa kerakli darajada emas, - degan Tyurk.
S.Rahimov, O‘zA