BMT tomonidan belgilangan gender tenglikka oid maqsadlar qanday bajarilmoqda?
BMTning 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibida belgilangan 5-maqsad – gender tenglikka erishish va barcha xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Mazkur masala bo‘yicha Senatda “Gender tenglik va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishning ustuvor vazifalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlangan.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinib, xotin-qizlarning huquqiy himoyasiga qaratilgan mexanizmlar kuchaytirildi.

2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida ham davlat organlari, mahalliy kengashlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xotin-qizlarning parlament va mahalliy kengashlar faoliyatidagi ishtiroki ortib, qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovi kengaydi. Ayollarning tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat va sport sohalaridagi faolligi tobora kuchayib borayotir.
Senat a’zolari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ma’naviyat va ma’rifat sohasi vakillari ishtirok etgan tadbirda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish, qizlarning ta’lim olishi va yetakchilik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadini amalga oshirish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish hamda jamiyatdagi gender stereotiplarini bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini yanada kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.
N.Abduraimova, O‘zA