Vatanimiz tarixidagi 29 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1871 yil (bundan 154 yil oldin) – tarixchi olim Haydarbek Bobobekovning Rossiya Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo‘limi, 33-fond, 1-ro‘yxat, 224-ish, 25–26-varaqlardagi ma’lumotlar asosida qayd etishicha, 29 yanvar kuni xonzoda Nasriddinbek Turkiston general-gubernatorining Qo‘qonga kelgan vakili I.Ibragimovga Qo‘qondagi birinchi isitish pechi (pechka) haqida shunday hikoya qilgan:
“Bizda, Qo‘qonda, avvallari uylarda pechkalar bo‘lmagan edi va men uni birinchi bo‘lib o‘z xonamga o‘rnatdim. Mening uyimga dadam (ya’ni Qo‘qon xoni Xudoyorxon) kelib va pechkani ko‘rib qolib boshlarini silkillatib “Senga uyat emasmi, pechka oldida isinish uchun chol emassanku”, dedilar. Oqibatda ustimdan ko‘p hazil qilib yurdilar. Keyinchalik pechka keltiradigan foydani tushundilar shekilli, o‘zlarining va boshqa xonalarga ham pechka o‘rnatdilar, hattoki mendagi pechkani ham olib qo‘yib, o‘zlarining xonalariga o‘rnatdilar”.
Shunday qilib, Qo‘qon shahrida birinchi bo‘lib pechkani Qo‘qon xoni Xudoyorxonning katta o‘g‘li Nasriddinbek o‘z xonasiga o‘rnatgan.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Xiva xoni Asfandiyorxon Toshkentga kelib Turkiston general-gubernatori Aleksey Kuropatkin bilan uchrashdi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Sovetining 17-sonli “Zaxira kadrlarini yaratish va militsiyani qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i e’lon qilindi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi o‘zining 737-qarorini ovozga qo‘ymasdan qabul qildi va Bosh Assambleyaga O‘zbekiston Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilishni tavsiya etdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, BMT tashkil topgan vaqtda O‘zbekiston SSSR tarkibida edi. O‘zbekiston SSRning BMT faoliyatida ilk bor ishtirok etishi 1950 yildan boshlanadi. Aynan shu yili O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar ministri, professor Abdusamad Boboxo‘jayev BMT Bosh Assambleyasining V sessiyasida respublika nomidan nutq so‘zlaydi va BMT minbaridan nutq so‘zlagan birinchi o‘zbek diplomati sifatida tarixda qoldi.
Tarixchi Oybek Abdimo‘minovning yozishicha, tashkilot sobiq sovet davrida O‘zbekistonga qiziqish bilan qarab, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga harakat qilgan. Biroq, markaz mustaqil xalqaro aloqalarni cheklab qo‘ygani bunga to‘siq bo‘lib kelgan. Shunga qaramay, O‘zbekiston hatto BMT Bosh kotiblarining ham diqqat-e’tiborida bo‘lgan mamlakat edi.
O‘zbekistonning BMT bilan ko‘p tomonlama munosabatlari faqat mustaqillik yillarida xalqaro ahamiyat kasb etdi. 1992 yil 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida BMTga qabul qilindi. Shundan so‘ng 1993 yil 24 oktyabrda Toshkentda Xolid Malik boshchiligida BMTning vakolatxonasi ish boshladi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi. Koreya Respublikasi 1991 yil 30 dekabrda Osiyo – Tinch okeani mintaqasi davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Fransiyaning Kann shahrida V.I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi badiiy fondi asarlari ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada 284 eksponat, ya’ni XX asr boshida yashab ijod etgan mo‘yqalam ustalarining rasmlari, zamonaviy iste’dodli rassomlarning asarlari hamda bezak va taqinchoqlar, maishiy buyumlar va zardo‘zlik kiyim-kechak namunalari namoyish etildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini belgilovchi “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini qabul qilish va musobaqalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Shuningdek, qaror bilan O‘zbekistonda sportning ommaviyligini yanada oshirish maqsadida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qiindi. Qaror bilan Atamalar komissiyasining asosiy vazifalari belgilandi. Jumladan, Atamalar komissiyasi ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritadi, qonun hujjatlari loyihalarida adabiy til qoidalari va normalariga, shuningdek, yuridik, texnik va boshqa maxsus qoidalarga rioya etilishini ta’minlaydi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qiindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qiindi.
Qarorga muvofiq, davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish maqsadida ma’muriy sudlarga dalillarni yig‘ish majburiyati yuklandi, huquqi buzilganlarga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyatidan foydalanish sharoiti yaratildi. Davlat organlari qarorlari natijasida yetkazilgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqi berildi; ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari tomonidan ijro qilinmaganda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishi belgilandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi