Tashqi diplomatiya
O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Afg‘oniston, Ozarbayjon, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya missiyalari bilan birgalikda tashkilotning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Navro‘z bayramini o‘tkazdi.
Tantanada BMT va Bosh assambleya kotibiyati, Nyu-Yorkdagi diplomatik korpus rahbarlari va vakillari, akademik doiralar hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Bosh kotib Antoniu Guterrishning go‘zallik va uyg‘onish ayyomini nishonlayotgan mamlakatlarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Qutlovda jahonda kuzatilayotgan qarama-qarshilik va kelishmovchiliklar sharoitida tinch-totuv yashashni, tabiat bilan hamjihatlikni targ‘ib qiluvchi Navro‘z ruhi har qachongidan ham muhimroq ekaniga urg‘u berilgan.
O‘zbekistonning doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov Navro‘z xalqimizni birlashtiradigan, boy madaniy rang-baranglikni namoyon etadigan, muloqot va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladigan qadimiy bayram ekanini ta’kidladi. Ishtirokchilar e’tibori yurtimizda qadimiy va buyuk tariximizni asrab-avaylash, boy madaniyatimiz, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga qaratildi.
Tadbir yakunida dasturxon yozilib, mehmonlarga milliy taomlarimiz ulashildi.

YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Navro‘zi olam munosabati bilan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston doimiy vakolatxonalari hamkorligida bayram tadbiri tashkil qilindi.
YUNESKO 2009 yil Navro‘zni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritgan. Shundan buyon har yili bu ayyom a’zo davlatlar delegatsiyalari tomonidan keng nishonlanadi.
Tadbirda bosh direktor Odri Azule, buning o‘rinbosari Sin Syuy, shuningdek tuzilmadagi doimiy vakolatxonalar rahbarlari va vakillari, tashkilot kotibiyati xodimlari ishtirok etdi.
Kechada mamlakatimizning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi, gastronomik salohiyati namoyish etildi, o‘zbek pazandalik festivali tashkil etildi. Diyorimizda Navro‘z bayrami nishonlanishiga doir videorolik namoyish etildi.
Rossiya Federatsiyasi
Navro‘zi olam munosabati bilan Rossiyadagi elchixonamizda uyushtirilgan o‘zbek diaspora tashkilotlari rahbarlari ishtirokidagi тадbirда ushbu bayram an’anaviy qadriyatlarimiz – mehr-oqibat, saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlikni o‘zida mujassam etgani ta’kidlandi.
RF hududlaridagi diasporalarimizning Rossiyada o‘zbek xalqi boy madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish, respublikamiz sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakati yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida eng faol diaspora tashkilotlari rahbarlari va oddiy vatandoshlarimiz mehnatlari e’tirof etilib, taqdirlandi.
Feruza Adasheva, Omsk viloyati O‘zbekiston xalqlari ijtimoiy-madaniy markazi raisi:
– Elchixonamizda o‘tgan bayram tadbirida qatnashganimdan juda xursandman. Do‘stona ruhdagi tadbirda bizga tashakkurnoma berildi. Diplomatik vakolatxonamiz xodimlariga doimiy ko‘mak va e’tibor uchun minnatdorlik bildiramiz.
Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarni Navro‘z va muqaddas Ramazon oyi bilan tabriklayman. Barchaga tinchlik, yaxshilik va farovonlik tilayman.
Abdukarim Otajanov, Tver viloyati o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi raisi:
– Aziz do‘stlar, barchangizni Navro‘zi ayyomi va muqaddas Ramazon oyi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Bu ikki bayramdan so‘ng g‘alabaning 80 yilligini nishonlaymiz. Biz ota-bobolarimizning Ikkinchi jahon urushidagi xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.
Bugun o‘zbek milliy madaniy markazlari rahbarlari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik va 2025 yil rejalarini belgilab oldik.
Tver viloyati o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi bir necha yildan buyon O‘zbekiston elchixonasi bilan birga sport, ta’lim, madaniy-ma’rifiy sohalarda ko‘plab loyihalar amalga oshirib kelmoqda.
Misr Arab Respublikasi
O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misr tashqi ishlar vazirining parlament masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Hayba Zakiy bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalasi muhokama qilindi.
Misr tomoni shu yil 5-9 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Vakillar kengashi spikeri Hanafiy Gabaliy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etishini tasdiqladi.
Muntazam delegatsiyalar almashinuvi va muloqot yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etildi. 2022 yil noyabrda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, 2023 yil dekabrda esa Senat qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova tashrif bilan Misrga borgan.
O‘z navbatida Misr parlamenti rahbarlari va vakillarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilgan. Xususan, Misr Senati raisi o‘rinbosari Fibi Favziy 2024 yil 13-14 may kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Osiyo ayollar forumida ishtirok etgan. 30-31 mayda esa Senat raisi Abdulvahob Abdulroziq yurtimizga ilk rasmiy tashrif bilan keldi va davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilindi. Tashrif doirasida ikki mamlakat Senatlari o‘rtasida hamkorlikka oid anglashuv memorandumi imzolangan.
3-5 iyun kunlari Misr senatorlari, yirik kompaniyalari hamda tadbirkorlaridan iborat ilk biznes-missiya Respublikamizda bo‘lgan.
Misr parlamenti deputatlari va senatorlari mamlakatimizda 2023 yil aprel va 2024 yil oktyabrda o‘tkazilgan umumxalq referendumi va parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida hamda Misr parlamentining Vakillar kengashi va Senatida parlamentlararo do‘stlik guruhlari ishlab turibdi.
Vengriya
Mamlakatimizning Vengriyadagi elchixonasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev va ushbu davlat Tashqi ishlar va savdo vazirligi xavfsizlik siyosati bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Xenriyetta Balaiti o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida Yevropa Ittifoqi bilan munosabat nuqtai nazaridan hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar sheriklikni mustahkamlash, mavjud muloqotni rivojlantirish va o‘zaro manfaatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar. Iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqani mustahkamlash, turli sohalardagi hamkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratish istagi ma’qullandi.
Shu yil aprel oyida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu anjuman ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan infratuzilmani rivojlantirish tashabbuslari va iqtisodiy loyihalar doirasidagi sheriklikni chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zaro hurmat va samarali muloqot tamoyiliga sodiqliklarini bildirgan holda, xalqaro munosabatning barcha ishtirokchilari manfaatini hisobga olish zarurligini qayd etdilar.
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabat o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash asosida rivojlanishda davom etmoqda. Bu esa strategik sheriklikni mustahkamlash, YeI va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikda ishlash uchun yangi imkoniyatlarni topishga xizmat qilmoqda.
Pokiston Islom Respublikasi
Pokistonning yetakchi nashrlaridan biri – “Diplomatic Focus” jurnalida O‘zbekistonning shu mamlakatdagi elchisi Alisher To‘xtayev bilan maxsus intervyu chop etildi.
Elchimiz suhbat davomida o‘zaro munosabatni mustahkamlash, mintaqaviy bog‘liqlik tashabbusini yangi loyihalar hisobiga mazmunan boyitish orqali hamkorlikni yanada kuchaytirish, strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil so‘zlab bergan.
Intervyuda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatning yuksak darajasi ishonch, do‘stlik, hurmat, o‘zaro manfaatdorlik va bir-birini anglash tamoyiliga asoslanishi ta’kidlangan. Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, logistika va transport yo‘laklarini rivojlantirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha aniq rejalarga to‘xtalib o‘tilgan.
Strategik ahamiyatga ega Transafg‘on temir yo‘li loyihasi amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega.
– Ushbu loyiha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikni qayta tiklash, savdo-iqtisodiy aloqani mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda barcha sohalardagi integratsiya jarayonini kuchaytirishga xizmat qiladi,. – degan O‘zbekiston rasmiy vakili.
Shuningdek, suhbatda ikki mamlakat hukumatlari savdo to‘siqlarini bartaraf etish, o‘zaro eksportbop mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish va yangi investitsiya imkoniyatini yaratish bo‘yicha faol ish olib borayotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari elchimiz madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlash borasidagi tashabbuslarga to‘xtalib o‘tgan. Ta’kidlanganidek, Pokiston fuqarolari uchun mamlakatimizga kirish vizasini rasmiylashtirish soddalashtirilgani, Toshkent va Laxor shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani, Karachida O‘zbekiston-Pokiston madaniyat uyi ochilgani ikki xalq jipsligini yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston diplomatik missiyasi rahbariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va muhim masalalar bo‘yicha izchil muloqot mintaqalarimiz barqarorligi va farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi
O‘zbekistonning Jiddadagi yangi tayinlangan bosh konsuli Sirojiddin Shamsutdinov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jidda bo‘limi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ahmad Muhammad Qutb bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida aloqalarning bugungi holati va istiqboli xususida fikr almashildi.
Ahmad Muhammad Qutb O‘zbekiston va Saudiya rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin do‘stona va ishonchli munosabat tufayli mamlakatlarimiz hamkorligi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani, barcha sohalarda yaqin sheriklik faollashib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu yil 7 mart kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan IHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari navbatdan tashqari yig‘ilishida mamlakatimiz ishtiroki yuqori baholandi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va diniy sohalardagi islohotlar haqida so‘zlab berildi.
Saudiya tomoni yangi tayinlangan bosh konsulga savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va konsullik-huquqiy sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatni yanada mustahkamlash borasidagi faoliyatiga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Sirojiddin Shamsutdinov shu kunga qadar TIVda ishlagan. Diplomat 2017-2021 yillari ham O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsuli vazifasida faoliyat olib borgan.
O‘mon Sultonligi
O‘zbekiston elchixonasining iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyati doirasida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni O‘mon Sultonligiga eksport qilish ishlari faol olib borilmoqda.
Elchi Abdusalom Hotamov boshchiligidagi guruh harakati samarasi o‘laroq, O‘zbekistondagi “RioInternational” MCHJning 30 dan ortiq turdagi mahsuloti O‘mondagi yirik savdo tarmoqlariga ega “Lulu Group International” shirkati do‘konlarida sotuvga chiqarildi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA