BMT bosh kotibini saylash iyun oyiga mo‘ljallanmoqda
BMT bosh kotibi saylovi rejaga ko‘ra, iyun oyida bo‘lib o‘tadi. Yagona nomzod hozircha Antoniu Guterrishning o‘zi bo‘lib turibdi.
1 iyun kuni Estoniyaning BMTdagi doimiy vakili Sven Yurgenson Estoniyaning Xavfsizlik Kengashiga raislik muddati boshlanishi munosabati bilan matbuot anjumani uyushtirgan. O‘shanda u “iyun oyida BMT uchun juda muhim voqea bo‘lib o‘tadi — bu yangi bosh kotibni saylashdir», degan. «Bu bizning raisligimiz paytida bo‘lib o‘tadi», — deya qo‘shimcha qilgan.
Guterrishning birinchi vakolat muddati 2021 yilning oxirida tugaydi.
BMT bosh kotibi Xavfsizlik Kengashi tomonidan saylanadi va Bosh Assambleya tomonidan tasdiqlanadi. Bosh kotiblik vakolati besh yillik muddatga belgilangan. Necha marta saylanishiga cheklov qo‘yilmagan, biroq haligacha hech kim ushbu lavozimni 10 yildan ortiq egallamagan.
Xavfsizlik Kengashiga doimiy a’zo davlatlarning (AQSH, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Xitoy) vakillari BMT bosh kotibi etib saylanmaydi.