BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov joriy yilning 3-4 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi sheriklikning bugungi holati va o‘zaro munosabatni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Xususan, respublikamiz bilan mazkur boshqarma o‘rtasidagi aloqaning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston so‘nggi yillarda BMTning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Davlatimiz bu boradagi asosiy universal huquqiy hujjatlar ishtirokchisi hisoblanadi.
[gallery-5955]
Mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 4 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘tgan yili O‘zbekiston ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha Kengashga a’zo bo‘ldi, vakilimiz 2022 yilga rais o‘rinbosari etib tayinlandi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar.
O‘zA