BMT bosh kotibi Lavrov va Kuleba bilan uchrashdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish dushanba kuni RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va uning ukrainalik hamkasbi Dmitriy Kuleba bilan virtual sharoitda uchrashdi, deb bayonot berdi bosh kotibning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik jurnalistlar uchun uyushtirgan brifingda.
Uning ta’kidlashicha, keyinroq Guterrish OAV qarshisida o‘zining bayonotini beradi.
Bosh kotib Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukraina atrofida yuzaga kelgan xavfli vaziyatdan jiddiy tashvish bildirdi, deydi Stefan Dyujarrik.
"U ushbu keskinlikni yumshatish yo‘lida olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab, yana bir bor diplomatiyadan boshqa muqobil variant yo‘qligini ta’kidladi", dedi Dyujarrik brifingda.
Uning aytishicha, Lavrov bilan suhbat 20 daqiqaga cho‘zilgan.
U shuningdek, BMT bosh kotibi hali ham Ukrainada urush bo‘lmaydi, deb hisoblayotganini ma’lum qilgan.