BMT BA AQSH Kubaga qarshi sanksiyani bekor qilishi tarafdori
BMT Bosh Assambleyasi AQSHni Kubaga qarshi sanksiya bekor qilinishiga chaqiruvchi an’anaviy rezolyutsiya qabul qildi. Bu haqda “RIA Novosti” agentligi yozgan.
Qo‘shma Shtatlar tomonidan Kubaga nisbatan qo‘llangan iqtisodiy, tijoriy va moliyaviy embargoni tugatish zarurati nazarda tutilgan rezolyutsiyani 130 mamlakat qo‘llab-quvvatlagan. 17 mamlakat qarshi ovoz berib, 25 mamlakat betaraf qolgan.
BMT BA 1992-yildan beri ushbu orol-davlatga qarshi bir yoqlama cheklovni bekor qilish talabi ilgari surilgan hujjatlar qabul qilib kelmoqda. Bunday tashabbuslar a’zolar tomonidan har gal ko‘p ovozda qo‘llab-quvvatlanadi. Shunga qaramay, Kubaga sanksiya bekor qilinmayapti.
Ta’kidlash joiz, BA rezolyutsiyalari yuridik jihatdan majburiy emas, ya’ni tavsiyaviy xususiyatga ega.
Yanvar oyida Prezident Donald Tramp Kubaga neft yetkazib beruvchi mamlakatlardan import qilinadigan tovarlarga tarif joriy etishga ruxsat beruvchi farmon chiqardi. Shuningdek, Kubaning Amerika milliy xavfsizligiga tahdid solishi ehtimoli sabab favqulodda holat e’lon qildi. Ayni chora orolda yonilg‘i taqchilligini keskin kuchaytirib, elektr energiyasi ishlab chiqarish, transport, oziq-ovqat sanoati, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi hayotiy muhim soha va yo‘nalishlarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
S.Rahimov, O‘zA