Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan o‘tuvchi M-39 magistral yo‘li yoqasida “BMB Holding” tarkibidagi “BMB Village” majmuasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat, Sharof Rashidov tumani hokimliklari, mehnat faxriylari, mutasaddi tashkilotlar, “BMB Holding” kompaniyasi va uning tasarrufidagi korxonalar rahbari va xodimlari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Sharof Rashidov tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev, Jizzax viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Egamberdiyev, “BMB Holding” kompaniyasi ta’sischilaridan Aziz Mamatqulov va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimizning 2019 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida magistral yo‘llarda xorijiy va mahalliy turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida turizim infratuzilma ob’ektlarini bunyod etish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
[gallery-23526]
Davlatimiz rahbarining ushbu farmonida ilgari surilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, “BMB Holding” tomonidan Jizzax viloyatida turizm va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi yirik loyiha – “BMB Village” majmuasi ishga tushirildi. Zamonaviy uslubda barpo etilgan mazkur majmua Holding tomonidan bu yil foydalanishga topshirilgan uchinchi ob’ekt bo‘lib, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan o‘tuvchi eng serqatnov M-39 magistral yo‘li yoqasida joylashganligi bilan ham e’tiborlidir. Ko‘p tarmoqli ushbu “BMB Village” majmuasi 45 kishilik eng zamonaviy dizaynda qurilgan mehmonxona, milliy, Yevropa va jahon taomlari tayyorlashga ixtisoslashgan restoran, kiyim yuvish xizmati, avtoturargoh hamda avtomobillarni yuvish shahobchasini o‘z ichiga oladi. Quvonarlisi, 40 nafar mahalliy yosh yigit-qizlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
– Mazkur majmuamiz loyihasining umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etib, bu orqali Jizzax viloyatida ichki va tashqi turizmni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishni nazarda tutganmiz, – deydi Aziz Mamatqulov. – Kompaniyamiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyiha nafaqat iqtisodiy ahamiyatga ega, balki madaniy-ma’rifiy jihatdan ham aholining ehtiyojlariga javob beradi deb o‘ylayman.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, “BMB Village” majmuasi kabi dastlabki loyiha Holding tomonidan o‘tgan 2024 yilning noyabr oyida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida foydalanishga topshirilgan edi. Quvonarlisi, kompaniya kelgusida ham bu kabi majmualarni respublikamizning boshqa hududlarida ham ishga tushirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Muxtasar qilib aytganda, “BMB Holding” kompaniyasi qaysi yo‘nalishda faoliyat olib bormasin, davlatimiz rahbari rahnamoligida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi, taraqqiyoti, xalqimiz faravonligini oshirish yo‘lida o‘zining barcha imkoniyatlari hamda salohiyatini ishga solishda davom etaveradi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (video, surat), O‘zA muxbirlari