“BMB Holding” AQSH bozorida
Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilayotgan nufuzli “Select USA” xalqaro investitsiya sammiti nafaqat sarmoyalar chorrahasi, balki yangi iqtisodiy g‘oyalar tug‘iladigan, strategik sheriklik shakllanadigan ulkan maydon sifatida yana bir bor ahamiyatini namoyon etdi. Bu global muloqot minbarida davlatlar manfaati, biznes tashabbuslari va innovatsion yechimlar o‘zaro uyg‘unlashib, kelajak iqtisodiyot qiyofasini chizmoqda.
Joriy yil 4-may kuni sammit doirasida o‘tgan plenar sessiya va ko‘rgazmaning rasmiy ochilishida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtiroki mamlakatimizning ochiq va pragmatik investitsiya siyosatiga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilindi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, O‘zbekistonning AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov hamda Qo‘shma Shtatlarning yurtimizdagi elchisi Jonatan Xenik ishtirokidagi ushbu muloqot ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘priklar yanada mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi.

AQSH savdo vaziri Govard Lyutnikning tabrik nutqi esa ochiq iqtisodiyot tamoyili va sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay muhitning mazmun-mohiyatini yorqin ifoda etdi. U investitsiya faqat kapital emas, balki ishonch, barqarorlik va taraqqiyotga qaratilgan uzoq muddatli strategiya ekanini ta’kidladi.
Ko‘rgazma doirasida “BMB Holding” tomonidan namoyish etilgan mahsulotlar milliy iqtisodiyotimizning amaliy yutuqlarini jonli dalil sifatida ko‘z-ko‘z qildi. Ayniqsa, Jizzax viloyatining tog‘li Baxmal tumani dalalarida yetishtirilib, qadoqlangan za’faron – tabiat ne’mati va mehnat mahsulining noyob uyg‘unligi sifatida barchada qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, chuqur qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari zamonaviy texnologiya va qo‘shilgan qiymat zanjiri yuksak bosqichga ko‘tarilganidan dalolat berdi.

Xolding mahsulotlarining ekologik tozaligi, xalqaro standartga mosligi va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan aniq strategiyasi xorijiy sheriklarda ishonch uyg‘otdi. Ayni omil “Yangi O‘zbekiston” brendining xalqaro bozordagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
AQSH savdo vaziri bilan “BMB Holding” ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov muloqoti davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi. Yetakchi brendimizning Amerika bozoriga bosqichma-bosqich kirib borishi, eksport salohiyatini oshirish va mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

“BMB Za’faron” mahsulotlari “USDA Organic” xalqaro sertifikatiga egaligi esa sifat va xavfsizlikning eng yuqori mezonlariga javob berishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Umuman, milliy brend mahsulotlarimiz AQSH savdo vaziriga taqdim etilishi o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etdi. Bunday tadbirlar shunchaki mahsulot namoyishi emas, balki O‘zbekistonning mehnati, salohiyati va ishonchli hamkor sifatidagi imijini dunyoga yoyish imkoniyatidir.
Xulosa o‘rnida aytish joiz: “Select USA” sammitidagi ishtirok mamlakatimizning jahon iqtisodiy makonidagi faol pozitsiyasini yanada mustahkamlab, milliy biznes uchun yangi bozorlar eshigini ochmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri