Bloomberg: G‘arb yordam bermayotgani uchun Saudiyaning hafsalasi pir
Saudiya Arabistoni rasmiylari xusiylar bilan qarama-qarshilik sharoitida G‘arb ittifoqchilarining cheklangan qo‘llab-quvvatlovidan hafsalasi pir bo‘ldi, deya xabar tarqatgan “Bloomberg” agentligi. Ta’kidlanishicha, Buyuk Britaniya yonilg‘i tankeri taqdim etgan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda qo‘shimcha mudofaa yordami so‘rovi hali tasdiqlanmagan.
Bir manbaga ko‘ra, Ar-Riyod aeroportiga uyushtirilgan hujumlar mojaroni kuchaytirish tahdidi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Jarayon oxir-oqibat Qo‘shma Shtatlarni ham qamrab olishi mumkin. Ya’ni, vaziyat Saudiya rasmiylaridan hujumni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish uchun muammoga qat’iyroq yondashishni taqozo etadi.
– Xusiylar hujum ko‘lamini kengaytirish orqali Saudiyani chekinishga, havo hujumini to‘xtatishga majburlamoqda, – deyilgan xabarda. – Ar-Riyod ayniqsa raqibning misli ko‘rilmagan tabiatini hisobga olgan holda, zarbalarni jiddiy eskalatsiya, deb biladi va ehtimol avvalgidan ham ko‘proq harbiy bosim bilan javob beradi.
Shuningdek, kuchayib borayotgan mojaro, moliyaviy o‘sish ko‘rsatkichi pasayishi asnosida, mamlakat iqtisodiy muhitiga allaqachon ta’sir ko‘rsatayotgani ham ta’kidlangan.
“British Petroleum” va “Shell” kabi yirik korporatsiyalarning ba’zi yuqori lavozimli mansabdorlari yakshanba kuni Ar-Riyodda ochilgan Xalqaro neft kongressida qatnashishdan bosh tortgan. Poytaxtdagi xalqaro kompaniyalar xodimlarini masofadan ishlash tartibiga o‘tkazgan.
S.Rahimov, O‘zA