Blogerlar qancha soliq to‘laydi?
Soliq qo‘mitasida blogerlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, sohani tizimli o‘rganish doirasida eng faol 110 nafar bloger ro‘yxati shakllantirildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, qolgan 22 nafari esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda. Bu esa blogerlik faoliyatining amaldagi ko‘lami bilan uning huquqiy maqomi o‘rtasida muayyan nomutanosiblik mavjudligini ko‘rsatadi.

Alohida e’tibor 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger faoliyatiga qaratildi. Aniqlanishicha, 2025-yil davomida ular tomonidan 360 ta storis va 184 ta reklama postlari joylashtirilgan. Elektron hisobvaraq-fakturalar asosida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur blogerlarning jami daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil etgan, byudjetga esa 110,4 million so‘m soliq to‘langan.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga reklama joylashtirishdan olinadigan daromadlarni soliqqa tortish tartibi batafsil tushuntirildi.
Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi, amalda esa ayrim blogerlar tomonidan administratorlar va boshqa mutaxassislar jalb etilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Sohada soliq madaniyatini oshirish, huquqiy savodxonlikni kuchaytirish maqsadida o‘quv seminarlari va tushuntirish ishlarini yanada kengaytirish taklif etildi.
Soliq qo‘mitasi mutasaddilari blogerlik faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish va daromadlar shaffofligini ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifa ekanini alohida ta’kidladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA