Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bloger Fotima Jo‘rayevaning videomurojaati tarqaldi.Videomurojaatda bloger tomonidan Ulug‘nor tumanidagi fermer xo‘jaliklariga iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun sun’iy qarzdorlik yuzaga keltirilayotganligi, ushbu holat bo‘yicha aniqlik kiritish, aniqrog‘i, elektr energiyasi yetkazib berish va qarzdorlik bo‘yicha Ulug‘nor tumanidagi “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligiga tegishli hujjatlarning taqdim etilishini so‘rab, tuman elektr tarmoqlari korxonasiga kirganida korxona xodimlari uni kaltaklaganligi, o‘ziga tegishli telefonni sindirib tashlaganliklari aytilgan.
O‘zA muxbiri ushbu holatni o‘rganish maqsadida Ulug‘nor tumanida bo‘lib, voqea ishtirokchilari bilan suhbatlashdi, fermer xo‘jaligining elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligiga oid hujjatlar bilan tanishdi.
Korxona hisobchisi hamda bloger Fotima Jo‘rayeva o‘rtasidagi janjal yuzasidan Ulug‘nor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Zafarbek Sultonov shunday izoh berdi:

– Bloger Fotima Jo‘rayeva haqiqatdan ham “Istiqlol” masivvidagi “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligiga oid hujjatlarni taqdim etilishini so‘rab murojaat qilgan. U bilan ana shu masalada oxirga marta telefon orqali gaplashganimda, hozir mahallalarda ekanligimni soat 14-00 dan keyin idoraga kelsa, so‘ragan barcha hujjatlarni taqdim etishimizni aytdim.
Men kelishilgan paytdan kechroq idoraga keldim. Kelganimda bosh hisobchi xonasida baqir-chaqir bo‘layotgan ekan. Nima gapligini so‘rab, ularni tinchlantirishga harakat qildim. Eshik oldida turgan fermer xo‘jaligi rahbari Karimaxon opa Toshtemirova bilan o‘z xonamga kirib, nimaga bunday to‘palon bo‘layotganligini so‘radim. Opa voqea haqida gapirib berdi. Hisobchi F. Jo‘rayevani kaltaklaganligini ko‘rmadim. Ochig‘i, Saydullo Mamadaliyev tabiatan kimnidir uradigan inson emas.
– Bloger Fotima Jo‘rayeva bilan bosh hisobchi Saydullo Mamadaliyevning xonasiga birga kirdik, – deydi voqea ishtirokchisi “Ulug‘norlik asl brilliant toshi” fermer xo‘jaligi rahbari Go‘zaloy Qayumova. – Bloger fermer xo‘jaligining rasmiy vakili, ya’ni ushbu xo‘jalikda ishlashini aytib, fermer xo‘jaligiga oid hujjatlarni taqdim etishini so‘radi. Lekin Saydullo qo‘pol muomala qilib, hujjatlarni fermerning o‘ziga berishini aytdi. O‘rtada baqir-chaqir bo‘ldi. Shu paytda Fotimaxon holatni telefoni orqali videotasvirga tushira boshladi. Bundan jahli chiqqan Saydullo, videoga olmasligini aytib baqirdi. Blogerni urdi.
– Bloger Fotima Jo‘rayeva fermer xo‘jaligi rahbari bilan xonamga kirishib, qarzdorlikka oid hujjatlarni so‘raganida men uni tanimasligimni, hujjatlarni fermer xo‘jaligi rahbariga berishimni aytib, Karima opaga korxonamiz va fermer xo‘jaligi o‘rtasida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha tuzilgan solishtirma dalolatnomalar, Bo‘ston tumanlararo iqtisodiy sudining qarzdorlikni to‘lash bo‘yicha qarori nusxalarini berdim. Bloger fermer opadan hujjatlarni olib, bu hujjatlar soxta deb, xujjatlarni irg‘itib tashladi. Baqirib, xonamdagi stol ustida turgan barcha qog‘ozlarni sochib yubordi. Ataylab janjal chiqarishga urindi, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan meni haqoratladi. Shundan so‘ng men ham chidab turolmay, so‘kinib, baqirdim. Lekin uni urganim yo‘q.
Bevosita voqeada ishtirok etgan tuman elektr korxonasi huquqshunosi Akmaljon Siddiqov ham hisobchi blogerni urmaganligini aytdi.
Bu masalada kim haq, kim yolg‘on gapiryapti. Endi bunga mutasaddi idoralar vakillari – tuman ichki ishlar bo‘limi, prokuraturasi xodimlari oydinlik kiritadi. Bizga ma’lum qilishicha, IIB xodimlari tomonidan bloger Fotimaxon Jo‘rayevaga yetkazilgan tan jarohati bo‘yicha sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Mazkur holat yuzasidan Ulug‘nor tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda, ayrim saytlarda fermerlar ham kaltaklab tashlandi, degan xabarlar yuzasidan fermer Karimaxon opa Toshtemirova shunday fikr bildirdi.
– Yo‘q, bu xabar noto‘g‘ri. Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari na menga, na men bilan birga kelgan fermer Go‘zaloyga qattiq gapirgani ham yo‘q, xaqoratlagani ham yo‘q. Janjal faqat Fotimaxon va Saydullo o‘rtasida bo‘ldi. Go‘zaloy, men va korxona huquqshunosi Akmaljon ularni ajratdik.
Shu o‘rinda Bloger Fotima Jo‘rayevaning ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatini o‘rganish yuzasidan “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tuzilgan maxsus komissiya a’zolarining Ulug‘nor elektr tarmoqlari korxonasida o‘tkazgan o‘rganishlari natijasida tuman ETK xodimlari O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya qilmay, korxonaga kelgan fermer xo‘jaligining vakili, bloger Fotima Jo‘rayevaning og‘zaki murojaatini ruyxatga olmaganligi, shuningdek, korxonada jismoniy va yuridik shaxslarning og‘zaki murojaatlarini ro‘yxatga olish kitobi yuritilmaganligi, fuqarolarni qabul qilish xonasi mavjud emasligi, hisobchi Saydullo Mamadaliyev tomonidan taqdim kilingan solishtirma dalolatnomada chalkashlik mavjudligi, ushbu xolat iste’molchi va uning vakiliga to‘g‘ri tushuntirilmaganligi okibatida janjal kelib chikganligi ma’lum bo‘ldi. Bu bo‘yicha albatta “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbariyati tomonidan qonun doirasida choralar ko‘riladi.
Fermer xo‘jaligining qarzdorligi sun’iy oshirilishi haqidagi fikr yuzasidan tuman elektr tarmoqlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar korxona hamda tuman moliya bo‘limi mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi.
Ulug‘nor tumani “Istiqlol” massividagi paxtachilik-g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligi hamda tuman ETK o‘rtasida tuzilgan 270202-sonli elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma mavjud bo‘lib, munosabatlar ana shu hujjat doirasida olib borilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi “Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan subsidyalar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 320-sonli qaroriga asosan, fermer xo‘jaligi tomonidan paxta va g‘alla ekanlarini yetishtirish uchun sarflangan elektr energiyasi uchun to‘lovlar Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga to‘lanishi belgilangan bo‘lib, “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligining joriy yildagi jami 74,33 gektar, shundan 47.2 gektar paxta, 27.13 gektar boshoqli don ekilgan maydonini sug‘orishda fermer xo‘jaligi ixtiyoridagi 1 dona nasos agregatini ishlatish uchun 2021 yilga 345.0 kVt soat elektr energiyasi limiti ajratilgan.
Tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, fermer xo‘jaligi joriy yil 1 yanvar holatiga iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlardan 213 million 329 ming 967 so‘m, muddati o‘tgan qarzdorlik uchun hisoblangan 19 million 959 ming 115 so‘m peniyadan, jami bo‘lib 233 million 289 ming 83 so‘m miqdorida qarzdorligi bo‘lgan.
Fermer xo‘jaligi tomonidan 2021 yilning 10 oyi davomida 47 million 195 ming 932 so‘mlik elektr energiyasi iste’mol qilingan. Tuman moliya bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaligi iste’mol qilgan elektr energryasi uchun subsidiya sifatida 238 million 500 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ o‘tkazib berilgandan so‘ng fermer xo‘jaligining 91 million 32 ming so‘m qarzdorligi qolgan. Qarz bo‘lgan davr va qolgan qarzdorlik uchun dastur asosida 72 million 949 ming so‘m penya qo‘shilgan. Shundan so‘ng jami qarzdorlik 164 million 22 ming so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirilishini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3574-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 149-sonli qarori hamda “O‘zbekenergo” AJning 2018 yil 9 martdagi 147-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining 2018 yil yanvar holatiga elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorligi to‘lov muddati 3 yilga kechiktirilgan bo‘lib, 2021 yil 1 yanvardan uch yillik muddat o‘tib bo‘lganligi hisobiga “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligining to‘lanishi kechiktirilgan 44 million 432 ming 686 so‘m miqdoridagi qarzdorligi ham dasturga kiritilgan. Natijada bugungi kunga kelib, fermer xo‘jaligining elektr energiyasi uchun to‘lovlardan jami qarzdorligi 208 million 455 ming 530 so‘mni tashkil qilgan.
O‘rganishlar natijasida fermer xo‘jaligi qarzdorligi sun’iy oshirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
– Elektr energiyasi ta’minoti, to‘lov va qarzdorlik bo‘yicha tuman elektr tarmoqlari korxonasiga mening hech qanday e’tirozim yo‘q, – deydi “Istiqlol zar tolasi” fermer xo‘jaligi rahbari Karimaxon Toshtemirova. – Qarzdorligimiz bo‘lsada, ekinlarni sug‘orish mavsumida nasosimiz ishlab turdi, tok uzib qo‘yilgani yo‘q. Tuman moliya bo‘limi tomonidan subsidiya asosida vaqti-vaqti bilan to‘lovlar o‘tkazib berilmoqda. Ishlashimiz uchun imkonyatlar yaratib berilyapti.
Voqea yuzasidan xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola. Eng asosiysi, ushbu holat bo‘yicha adolat qaror topsin.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMURZOQOV (surat),
O‘zA