Toshkent geodeziya va kartografiya kollejida «Kadastr agentligi xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi» mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda agentlikning boshlang‘ich tashkilotida ishlayotgan xotin-qizlar mehnatiga baho berildi.
"bugungi tadbirga respublikamiz xududlaridagi barcha yetakchi ayollarni to‘pladik. Sohada ishlayotgan xotin-qizlar biror muammoga duch kelsa, kimga uchrashishni bilmasdan, sarson bo‘lmasin", deydi Kadastr agentligining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkiloti rahbari Salyaxan Botirova.
Tadbir davomida Kadastr agentligining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkiloti rahbari O‘zA muxbirining bir nechta savollariga ham javob berdi.
– Kadastr sohasida ishlash uchun qaysi oliygoh yoki texnikumlarda o‘qish zarur?
— Agentlikda ishlash uchun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti, Toshkent Arxitektura-qurilish instituti, O‘zbekiston Milliy universitetining yer tuzish geodeziya va kartografiya sohasida o‘qigan oliy ma’lumotli xotin-qizlar kelib, bizni sohada ishlashlari mumkin.
— Sohada xotin-qizlar mehnatiga qanday ehtiyoj bor?
— Sohada ayollarning o‘rni juda zarur. Aynan bizning sohada ishlayotgan xotin-qizlar o‘rtasida birorta qonunbuzarlik holatlari sodir etilmaganining o‘zi ayollarimizni mas’uliyat bilan ishlashidan darak beradi.
Eng qiyin ishlar, masalan, kartografiya sohasida xaritalar chizish ishini zargarlar mehnatiga tenglashtiraman. Zargarlar qanday ehtiyotkorlik bilan ishlasa, kartografiya sohasida ishlayotgan xotin-qizlar ham shunday mehnat qilishadi. Chunki bir metr yer ham inson hayotida muhim rol o‘ynaydi. Yerlarni yo‘qlama qilish ishlarida dalama-dala yurib ishlaymiz, so‘ng kompyuterga tushirib, kartalar yaratamiz. Bu mashaqqatli mehnat, oson emas.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan olima ayollar, psixologlar, siyosatshunos va deputatlar ham yurtimizdagi har bir islohotda ayollarning o‘rni alohida ekanini ta’kidlab o‘tishdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA