Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga qaraganda, har 45 soniyada 1 kishi, soatiga 80, kuniga 1918, yiliga esa 750 000 dan ortiq kishi o‘z joniga qasd qiladi. Bu raqamlar siz ayni shu satrlarni o‘qiyotgan mahalda yana bir kishi o‘z joniga qasd qilganligini anglatadi.
Butun dunyo bo‘ylab suitsid bo‘yicha mutaxassislar o‘z joniga qasd qilish muammosi haqida fikr yuritadilar, o‘z joniga qasd qilish munosabatlarini va unga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab omillarni o‘rganadilar. Ammo bu tajribalarning barchasi odamlar nima uchun hayot bilan xayrlashishga qaror qilishlarini tushuntiruvchi hech qanday umumiy xulosa va keng qamrovli nazariyaga olib kelmadi. Hamma narsa juda individual. Shunga qaramay, tadqiqotlar natijasida qator umumiy jihatlar kuzatilgan.
Suitsid raqamlarda
Ochiqlangan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilganlar orasida ruhiy kasal, asabiy xarakter, xulq-atvorida salbiylik alomatlari yuqori bo‘lgan kishilar eng ko‘p – 45 foizni tashkil etgan. Oilaviy janjallar xususan, er-xotin, qaynona-qaynotalar, erning qavm-qarindoshlari yoki o‘zining boshqa birovlar bilan janjallashib qolishi tufayli suitsid sodir etganlar miqdori 13,7 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, moddiy-maishiy jihatdan kam ta’minlanganlik (2,3 foiz), giyohvandlikka ruju qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘ya olmaslik (1,7 %), rashk tufayli (0,7 foiz) ishxonadagi kelishmovchiliklar, boshqa birovning shaxsga tegadigan darajada haqorat qilishi (0,3 foiz) va boshqalar (sevgani bilan janjallashib qolishi, o‘qishga kira olmasligi, farzand kasalligi yoki yo‘qligi, pulini yo‘qotish, boshqalar bilan ziddiyat) – 17,6 foizga yetgan.
JSST ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi 20 yil ichida dunyoda o‘z joniga qasd qilishlar soni 36 foizga kamayganiga qaramay, ular urushlar va qotilliklardan ko‘ra ko‘proq odam o‘ldirgan. Har yuzinchi o‘lim – suitsid.
Suitsid yosh tanlamaydi
O‘z joniga qasd qilish yoshlar o‘limining asosiy sabablaridan biridir. Ammo bu suitsid keksa kishilarga qaraganda yoshlarda ko‘proq sodir bo‘lishini anglatmaydi. Jahon miqyosida suitsidlarning 58 foizi 70 yoshdan oshganlar tomonidan sodir etilgan (har 100 mingdan 25 kishi). Demografik jihatdan keyingi o‘rinlarda mos ravishda 50-69 yoshdagilar (har 100 mingdan 14 kishi), 15-49 yoshdagilar (har 100 mingdan 11 kishi) egallagan. Eng past ko‘rsatkichlarni esa 5-14 yoshdagilar ko‘rsatgan.
Tibbiyot fanlari nomzodi, nevrolog Zarifboy Ibodullayev bilan "suitsid" sabablari va uning oldini olish bo‘yicha qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar haqida batafsil suhbatlashdik.
Batafsil
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/1-7BgbU5jZ0" title="Bizni nima suitsidga yetaklaydi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ba’zi mulohazalarga qaraganda, suitsid holatlarining oshib ketishiga qisman OAVning ham “aybi bor”. Ularga ko‘ra, jonga qasd qilish haqidagi xabarlarning davomiy va destruktiv uzatilishi aholi o‘rtasida shu holatga yashirin targ‘ibotni kuchaytirmoqda. Biroq, O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish muammosi axloq, mentalitet va din bilan shunchalik ko‘pki, bu haqda juda kam gapiriladi. Ammo sukunat voqelikni o‘zgartirmaydi, ba’zan esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi – odamlar suitsidga vaziyatdan chiqishning birdan bir yo‘li sifatida qaray boshlashadi va buni amalga oshiradi. Bizning fikrimizcha, faqat ochiqlik, tushunish va qabul qilish kishilarni halokatli qarorlar qabul qilishdan imkon qadar to‘xtatib qolishga yordam beradi.
Bizni kuzatishda davom eting. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA