Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini samarali amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.
Dasturga asosan tashabbuskorlarning biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishidagi qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslari bank tomonidan xududlarda tashkil etilgan 14 ta “Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari”da olib boriladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlarni o‘qitish jarayoniga “Yaponiya tajribasi”ni tatbiq etish va bu borada Yaponiyaning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 7-mart kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston - Yaponiya biznes forumi davomida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev va Yamagata universiteti prezidenti Xeditoshi Tamate tomonidan imzolangan shartnoma ham aynan shu ezgu maqsadga qaratilgan.

O‘zaro kelishuvga muvofiq, respublikamizdagi 10 ming nafar tadbirkor Yaponiya tajribasi asosida o‘qitiladi va mentorlar tayyorlanadi. Mazkur kelishuv Bank va Universitet o‘rtasida o‘tgan yilning noyabr oyidan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarining amaliy samarasi hisoblanadi.
Yaponiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida tadbirkorlar biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes-rejani ishlab chiqish, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini topish kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi.
Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar ko‘magida mahalliy kadrlar orasidan mentorlar tayyorlanadi. Kelgusida “Kichik biznesga ko‘maklashish xududiy markazlari”dagi tadbirkorlarni o‘qitish ishlari mentorlar tomonidan tashkil etilishi rejalanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasidagi amaliy o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tashabbuskorlar “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan joriy etilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dastaklaridan foydalanishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, 1949-yilda tashkil etilgan Yamagata universiteti Yaponiyaning milliy universiteti bo‘lib, jahondagi eng yaxshi 600 universitetlari qatoriga kiradi. Yamagata universiteti 18 mamlakatdagi 48 ta universitet va institutlar bilan hamkorlik qiladi.
Bank axborot xizmati
O‘zA
Reklama huquqi asosida