Biznesni rivojlantirish banki tomonidan Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Press-turning dastlabki manzili zamonaviy texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan Yangiyo‘l bank xizmatlari markazi bo‘ldi. Bu yerda mijozlarga ko‘rsatilayotgan tezkor va sifatli bank xizmatlariga guvoh bo‘ldik.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida Biznesni rivojlantirish bankining faol jismoniy shaxs mijozlari soni 68 ming 636 nafarni tashkil etadi. Mikro, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari bo‘lgan mijozlar soni esa 4 ming 851 nafarni tashkil etadi.
Tashkil etilgan press-turda ularning ayrimlari faoliyati bilan bevosita tanishish imkoniyati yuzaga keldi. Xususan, press-tur dasturiga muvofiq “Tomorqa maktabi” va “Yangiyo‘l – Agrostar” ixtisoslashgan kompaniyasida bo‘ldik. Mazkur kompaniya pomidor, bulg‘or qalampiri va ko‘katlarga ixtisoslashgan.
Tanishuv davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar oldik.
Mazkur maktabda tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillarining har bir guruhi uchun haftada 4 kun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Mashg‘ulotlar tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Xususan, “Yangiyo‘l – Agrostar” kompaniyasiga turkiyalik malakali, oliy toifali agronom Chengiz Yalchin jalb etilib, ushbu malakali mutaxassis ham yer egalariga o‘zining amaliy bilimlarini beradi. Shuningdek, fransiyalik mutaxassis, “Experto consulting” kompaniyasi eksperti Stanislav Enrion bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. U o‘rganishlaridan kelib chiqib, ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarini berib boradi. Yil yakuniga qadar 600 ga yaqin tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillarini o‘qitish reja qilingan.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti, Sabzavotchilik va tuproqshunoslik ilmiy tekshirish instituti hamda “AGROLAB” ilmiy-tekshirish laboratoriyalari bilan kelishuvlarga erishilgan. Eng muhimi, mashg‘ulotlar nazariy, amaliy va ko‘chma tarzda tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Tomorqa maktabi” tinglovchilari agrobiznes sektori uchun zarur bo‘lgan laboratoriya tahlili xizmatlarini taqdim etish uchun mo‘ljallangan “AGROLAB O‘HQM” MCHJ sinov laboratoriyasida 3 kun davomida olingan nazariy bilimlarini mustahkamlab, tuproq, suv va meva-sabzavotlarning tarkibi, tahlili, eksport qilinadigan mahsulotlarga olinadigan sertifikat uchun qo‘yilgan talablar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
[gallery-24019]
Bugungi kunga qadar "Tomorqa maktabi"da 80 ga yaqin tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari o‘qitildi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 600 taga yetkazish reja qilingan.
Keyingi manzil Yangiyo‘l shahridagi "WELLTEX" tekstil korxonasi hamda don va un mahsulotlarini qayta ishlovchi “MRFLOUR” zavodi bo‘ldi. Hozirda korxona mahsulotlari Afg‘onistonga eksport qilinadi.
– Umumiy loyiha qiymati 25 milliard so‘mni tashkil etadi, – deydi “MRFLOUR” zavodi ta’sischisi G‘ofur Usmonov. – Korxona tomonidan yaqinda 60 million so‘mlik eksport amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar 3-4 million dollarlik eksportni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Asosan bug‘doyni Qozog‘istondan import qilamiz. Qozog‘istonda sentyabr oyida bug‘doy arzon bo‘ladi. Fevral oyida narxlar 30 foizgacha ko‘tariladi. Shu sababli bug‘doy arzon vaqtida qo‘shimcha don zaxirasini yaratish, korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni olib kelish maqsadida Biznesni rivojlantirish bankidan 6 milliard so‘m imtiyozli kredit olyapmiz.
Press-tur davomida "WELLTEX" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
– Korxonamiz 2022 yilda ishga tushgan, – deydi "WELLTEX" MCHJ ish boshqaruvchisi Nasiba Sultonova. — Korxona yillik 1 mln.dona kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bu 800 mln. so‘m daromad yoki byudjetga qo‘shimcha 207,4 mln. so‘m mablag‘ deganidir. Bu yerda asosan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mazkur tekstil korxonamizda ikki smenada ish tashkil etilgan. Bugungi kunda korxonamizda Yangiyo‘l shahridan 50 nafarga yaqin xotin-qiz doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan. Korxonaning mahsulotlari Qozog‘iston, Rossiya mamlakatlariga eksport qilinadi.
Hasan Mamarasulov Toshkent viloyati Ohangaron shahar Shodlik mahallasiga mahalla bankiri sifatida biriktirilgan. Ishni hududlarni o‘rganib, belgilangan ko‘rsatkichlar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga kredit ajratish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashdan boshlagan.
— O‘zim mas’ul bo‘lgan mahallalarni aylanib, xonadonlarni bittalab o‘rganyapman, — deydi Hasan Mamarasulov. — Odamlarning ehtiyoji, talabi, imkoniyatlarini aniqlashtirib olyapmiz. Shu asosda ishlar tashkil etiladi. Chunki oldimizda ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligini ta’minlash orqali oilalarni kambag‘allikdan chiqarish vazifasi turibdi. Bugungi kunda har bir mahalladan tadbirkor bo‘lish istagidagi fuqarolar bilan suhbatlashib, ularning biznes-rejalari bilan tanishib, 60 million so‘mgacha kredit ajratyapmiz.
Xususan, Toshkent viloyati Ohangaron shahar “Yangiobod” MFYda joylashgan “PANDA MANTI” MCHJ umumiy ovqatlanish shoxobchasi mas’uli ham ushbu imkoniyatdan foydalandi.
Ushbu umumiy ovqatlanish shoxobchasiga zamonaviy asbob-uskuna sotib olish maqsadida Biznesni rivojlantirish bankidan 60 mln.so‘m kredit olib, oshxona faoliyatini kengaytirgan.
Darhaqiqat, mamlakatimizning har bir burchagida ana shunday maqsadlarga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Loyihalarning moliyaviy manbalari ham yaratib berilmoqda.
Xususan, joriy yil boshidanoq davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan yurtimizdagi tijorat banklariga “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 1 milliard dollar kredit mablag‘lari ajratildi. Qolaversa, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha banklar tomonidan 300 million so‘m miqdoridagi shartsiz kreditlar berish boshlanadi.
Xususan, Toshkent viloyatida Biznesni rivojlantirish bankiga 67 ta mahalla biriktirilgan. Ushbu mahallalarda 24 ta mahalla bankiri va 67 nafar mahalla agentlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla bankiri va agentlari tomonidan 13 ming 984 ta mikroloyihalar amalga oshirilib, ularga 329,9 mlrd.so‘m kredit ajratilgan.
Mazkur mablag‘larni to‘g‘ri va tartibli yo‘naltirish ham muhim masala. Aholiga kredit olishdan oldin undan samarali foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, aniq loyihalarni ishlab chiqishga ko‘maklashish zarur. Bu borada mahalla bankirlari yaqin ko‘makchiga aylandi. Mazkur tizim aholi manfaatlarini samarali qo‘llab-quvvatlash va mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirishning yangi boschiqini boshlab berdi. Zero, aynan Biznesni rivojlantirish bankining mahalla bankirlari va agentlari faoliyati natijasida ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan birgina Toshkent viloyatida 28 ming 629 ta ish o‘rni yaratilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA