“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Raqamli mijozlar sonini oshirish: natijalar va rejalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bank aholiga xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirishga, axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlarning yangi turlarini joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratayotgani qayd etildi.
2026 yilning oxiriga qadar "Biznesni rivojlantirish banki" mobil ilovasi foydalanuvchilari sonini 1 million nafarga yetkazish vazifasi belgilangan.
[gallery-23926]
– “BRB Mobile” ilovasining barqaror ishlashini ta’minlash va uning funksionalligini yanada yaxshilash maqsadida doimiy ravishda o‘zgarish va yangiliklar kiritib borilmoqda, – deydi BRB-TECH” MCHJ IT direktori Abdulla Butayev. – Jumladan, hozirga qadar 33 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Onlayn avto va ta’lim kreditlari, overdraft, bank kartasiga buyurtma berish kabi xizmatlar shular jumlasidandir. Hozirda esa mikroservislar, onlayn sug‘urta, “BRB NEO” va VISAso‘m singari 8 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda.
E’tiborlisi, mijozlarni an’anaviy filiallar tarmog‘idan raqamli kanallarga (ayniqsa, mobil ilovadan foydalanishga) o‘tkazish orqali bankning operatsion xarajatlarini samarali optimallashtirishga erishilmoqda.
– Bugungi kunda raqamli mijozlarning asosiy xavotiri – bu mobil ilovadan foydalanishda yetarli darajada xavfsizlik choralarining ta’minlanmaganligidir, — deydi – “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Innovatsion va raqamli texnologiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Abdurasul Abdujabborov. – Shu sababli mamlakatimizda birinchi bo‘lib “BRB Mobile” ilovasida ilg‘or “Session antifraud” tizimi joriy yetildi. Tizim foydalanuvchi ilovaga kirgan zahoti ishga tushadi va sun’iy intellekt asosida qurilmadagi shubhali ilovalar hamda zararli dasturlarni aniqlaydi. SHU bilan birga mijoz profiliga nechta qurilma orqali kirilayotganini tahlil qiladi va xavf darajasini ballar asosida baholaydi. Xavfli holat aniqlangan taqdirda, mijozning profili avtomatik tarzda vaqtincha bloklanadi.
Matbuot anjumanida bankning xizmat ko‘rsatish ofislarida 43 ta xizmatlar raqamlashtirilgani qayd etildi. Bundan tashqari, bankning yuridik mijozlari masofaviy operatsiyalarni amalga oshirishlari uchun mo‘ljallangan “BRB Internet banking” onlayn sahifasi (web)da ro‘yxatdan o‘tgan mijozlar soni joriy yilning 1 iyun holatiga 33 ming nafarni tashkil etgan. Yuridik mijozlarning o‘tgan 5 oylik davomidagi o‘tkazmalari soni esa 1,9 milliontani tashkil qilib jami 32,7 trillion so‘mlik tranzaksiyalar amalga oshirilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni mavzu yuzasidan qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berildi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA