Biznes uchun yangi imkoniyatlar
Jizzax viloyati Zomin tumanida “Biznesda ayollar: yangi davr, yangi imkoniyatlar” mavzusida o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning quyi bo‘g‘inlari, tuman hokimligi vakillari, tijorat banklari mas’ullari hamda tadbirkorlik qilish, oila biznesini rivojlantirish istagida bo‘lgan zominlik xotin-qizlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimi Karima Norqulova tumandagi oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, u – tijorat banklaridan kredit olib tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Anjuman davomida tijorat banklari vakillari ishtirokida “100 ta loyihachi ayol” dasturi doirasida xotin-qizlarga moliyaviy savodxonlikni oshirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, uni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.

Shu o‘rinda, ayollarga imtiyozli kredit olish tartibi, biznes-loyiha tayyorlash, moliyalashtirish jarayonlari va boshqa amaliy jihatlar bo‘yicha ham atroflicha maslahatlar berildi.
Tadbir yakunida tumanda istiqomat qiluvchi 10 nafar xotin-qizga 100 million so‘mgacha kredit olish bo‘yicha tavsiyalar berilib, ularni tijorat banklari bilan bog‘lash orqali mavjud muammolar joyida hal etildi.

“Bunyodkor ayollar – 2025” forumi doirasida asosiy e’tibor – mahallalarda xotin-qizlarning hayot sifati va oilaviy farovonligini oshirish, ularning ehtiyojlarini o‘rganish, mavjud imkoniyatlar haqida kengroq xabardor qilishga qaratildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zAmuxbirlari