“Biznes malikalari” bahslashdi
Navoiy viloyati Uchquduq tumani markazidagi “Qizilqum” madaniyat uyida “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining tuman hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan 20-avgust – Tadbirkorlar kuni munosabati bilan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyati va tashabbuskorligini namoyon etish maqsadida “Biznes malikasi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Tadbir avvalida “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Navoiy viloyat bo‘limi rahbari Gulchehra Berdiyeva, Uchquduq tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nafisa Najmiddinova so‘zga chiqib, tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlar, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Tanlovda tumanda faoliyat yuritayotgan 4 nafar tadbirkor ayol 4 ta shart asosida o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Dastlab o‘zlarini tanishtirgan ishtirokchilar keyingi shartda tadbirkorlik faoliyati haqida hikoya qiluvchi videoroliklar orqali o‘z tajribasi va yutuqlarini namoyish etdilar. Savol-javob shartida ularning bilim va dunyoqarashi sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, “Iqtidorim – kuchim” deb nomlangan erkin mavzu ishtirokchilarga o‘z iste’dod va qobiliyatini namoyon etish imkonini berdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Navbahor Boymurodova 1-, Anora Abdurahmonova 2-, Oysuluv Madatova 3-o‘rinni egalladi. Muhayyo Fatullayeva esa faol ishtiroki uchun alohida e’tirof etildi.
“Qizilqum” madaniyat uyi badiiy jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri