“Bizda bunday imkoniyat bo‘lmagan”
Samarqand yuridik texnikumida majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda huquqiy xizmat sohalarida ishlagan faxriylar, ayni paytda majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar hamda texnikum o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
– 1986 yilda o‘qishni tugatib, sud ijrosi bo‘lib ishga kelganman. Shu bilan roppa rosa 32 yil uzluksiz ishlab, 2018 yilda nafaqaga chiqdim, – deydi majburiy ijrosi byurosi faxriysi Mamayusuf Xidirov. – Biz o‘qigan, ishlagan davrda hozirgidek sharoitlar bo‘lmagan. Bugun davlatimiz tomonidan yoshlarga, ularning ta’lim-tarbiyasiga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar havas qilsa arzigulik. Bu imkoniyatlardan foydalanib, yaxshi o‘qish, davlatimizga sadoqat bilan ishlash kerak.

Soha faxriylari va xodimlari o‘z faoliyatida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashib, bo‘lajak huquqshunoslar egallashlari kerak bo‘lgan ko‘nikma va tushunchalar haqida so‘z yuritdilar. Muomala madaniyatini yuksaltirish, fuqarolar murojaatlari, aholi muammolari bilan ishlaganda qonun doirasida yechim topish, inson huquq va erkinliklari, manfaatlariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida texnikum o‘quvchilarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.
G‘.HASANOV, O‘zA