«Biz uxlayotganda ular xizmatda…» Bir qo‘ng‘iroq ortidagi bedor tun va haqiqiy fidoyilik
— «Iltimos, yordam bering… Qo‘shni xonadonda qattiq shovqin-suron bo‘lyapti, yosh bolalar qo‘rqib uyg‘onib ketdi. Tun bo‘yi yig‘lashyapti…»
Bu — 2026-yilning 2-iyul kuni kech soat 23:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani 2-son Ichki ishlar bo‘limi Navbatchilik qismiga kelib tushgan qo‘ng‘iroq edi. Bu — bolalarning oromini, oilalarning tinchligini va mahalla osoyishtaligini saqlab qolish uchun qilingan umid qo‘ng‘irog‘i edi.
O‘sha vaqtda navbatchilik qismida xizmat olib borayotgan katta inspektor-navbatchi, katta leytenant — Oydin Xonkeldiyeva har kungidek yuzlab murojaatlar uchun mas’ul edi.
Navbatchilik qismi esa — Ichki ishlar organlarining yuragi.
Bu yerga kelgan har bir qo‘ng‘iroq ortida inson taqdiri, oila tinchligi, ba’zida esa inson hayoti turadi.
Navbatchi ofitserning vazifasi telefonni ko‘tarish bilan tugamaydi. U murojaatchini xotirjam qiladi, voqeaning har bir tafsilotini aniqlaydi, vaziyatni baholaydi va bir necha daqiqa ichida qaysi xizmat kuchlari yo‘naltirilishini belgilaydi.
Bu safar ham shunday bo‘ldi.
Munavvarqori mahallasi, Pilla ko‘chasidagi xonadondan tungi shovqin-suron haqida anonim murojaat qabul qilinishi bilan katta leytenant — Oydin Xonkeldiyeva zudlik bilan tungi xizmatdagi 297-yo‘nalish avtoekipaji hamda Yalong‘och mahallasi profilaktika inspektori, leytenant — Husniddin Bekqulovni voqea joyiga yo‘naltirdi.
Agressiyaga qarshi agressiya emas, sabr bilan javob berildi
Manzilga yetib borilganda xonadonda spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan shaxslar baland musiqa ovozida shovqin ko‘tarayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu holat nafaqat qo‘shnilarning, balki kichik yoshdagi bolalar, keksalar va bemorlarning ham oromini buzgan edi. Eng qiyini esa shundaki, huquq-tartibot idorasi xodimlari kelganidan keyin ham voqea ishtirokchilari o‘zini bosmadi. Aksincha, ular ovozini yanada balandlatib, xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga nisbatan agressiv munosabat bildirdi, qonuniy talablarga bo‘ysunmaslikka urindi.
Shunday vaziyatlarda har qanday inson hissiyotga berilishi mumkin. Ammo haqiqiy ichki ishlar xodimi vaziyatni kuch bilan emas, aql, sabr va qonun bilan boshqaradi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, profilaktika inspektori — Husniddin Bekqulov har bir so‘zini o‘ylab aytdi.
U insonparvarlik tamoyillariga amal qildi. Fuqarolarni tinchlantirdi. Janjalning yanada avj olishining oldini oldi. Natijada mahalladagi tungi osoyishtalik qayta tiklandi.
O‘sha tunda kimdir farzandini yana bag‘riga bosib uxlatdi. Kimdir ertalabgi ishiga xotirjam tayyorgarlik ko‘rdi.
Kimdir esa «rahmat» degan bitta so‘z bilan ichki ishlar xodimlarining butun tungi mehnatiga munosib baho berdi.

«Shunday yigitlar bor ekan, yurtimiz tinch ekan…»
Murojaat qilgan fuqaro xizmat o‘z vaqtida va qonuniy hal etilganidan keyin minnatdorchilik bildirib shunday dedi:
«Bolalarimiz qo‘rqib uyg‘onib ketgan edi. Qisqa vaqt ichida kelib vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilganingiz uchun rahmat. Shunday fidoyi xodimlar borligi uchun mahallamiz ham, yurtimiz ham tinch ekanligiga yana bir bor ishondik».
Ana shunday samimiy e’tirof har qanday mukofotdan qimmatli.
Qonun — barcha uchun barobar
Jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzish huquqiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi talablari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabini bajarmaslik yoki xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilish ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu talablar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir fuqaroning osoyishta hayot kechirish huquqini himoya qilishga xizmat qiladi.
Tungi sokinlik — salomatlik garovi
Nevropatolog-neyropsixolog Sobitjon Qurbonovning ta’kidlashicha, inson organizmi uchun kechki vaqtda o‘z vaqtida uxlash hayotiy ahamiyatga ega.

—“Kechki soat 22:00 atrofida uxlash inson miyasining dam olishi, asab tizimining tiklanishi va melatonin gormonining tabiiy ishlab chiqarilishi uchun eng maqbul vaqt hisoblanadi. Doimiy tungi shovqin insonda stress, qon bosimi oshishi, asabiylik, diqqat pasayishi hamda immunitet susayishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar va keksalar uchun tungi osoyishtalik juda muhim”, — deydi mutaxassis.
Demak, tungi tinchlikni saqlash nafaqat qonun talabi, balki aholi salomatligi uchun ham muhim omildir.
«Bizning vazifamiz — xalq tinchligini asrash»
Katta leytenant — Oydin Xonkeldiyeva shunday deydi:

— «Xizmatimiz davomida turli insonlar bilan uchrashamiz. Ayrimlari asabiy bo‘ladi, ayrimlari spirtli ichimlik ta’sirida bo‘ladi, ba’zan esa xizmat vazifamizni shaxsiy munosabat deb qabul qilib, agressiv harakat qilishadi. Lekin biz har bir vaziyatda bosiqlikni saqlashimiz shart. Chunki bizning asosiy maqsadimiz — Vatanga xizmat qilish, fuqarolarning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash. Rahbariyatimiz yuklagan vazifani vijdonan bajarishni o‘zimiz uchun sharaf deb bilamiz».
Leytenant — Husniddin Bekqulov ham quyidagilarni ta’kidlaydi:

— «Har bir chaqiruv ortida inson taqdiri turadi. Shuning uchun har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashamiz. Ba’zan xizmatimiz tushunmovchilik bilan qabul qilinadi. Lekin keyinchalik fuqarolarning minnatdorchiligini eshitganimizda, qilgan mehnatimiz behuda emasligini his qilamiz. Eng katta mukofotimiz — odamlarning xotirjamligi».
Biz oromda uxlayotgan tunlar tasodif emas…
Tungi ko‘chalarda sokinlik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Bu sokinlik ortida telefon oldida hushyor turgan navbatchi ofitser ham bor. Bir chaqiruv bilan yo‘lga chiqqan ekipaj ham bor. Agressiyaga sabr bilan javob bergan yosh profilaktika inspektori ham bor.
Ularning oilasi ham bor. Ular ham farzandlarini sog‘inib, tunni uyida emas, xizmatda o‘tkazadi. Chunki kimdir bizning bolalarimiz xotirjam uxlashi uchun o‘z farzandining yonida bo‘lolmaydi.
Shuning uchun har bir fuqaro tungi vaqtda qonun talablariga amal qilishi, atrofdagilarning oromini hurmat qilishi va ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli mehnatiga munosib baho berishi zarur.
Zero, tinch Vatan, osuda mahalla va xotirjam tun — minglab fidoyi insonlarning bedor tunlari evaziga yaratiladi.
Vatan tinchligi — eng ulug‘ ne’mat.
Uni asrayotgan insonlarni qadrlash esa har birimizning insoniy burchimizdir.
Mohichehra Eshmirzayeva, O‘zA