“Biz jamiyatga kerakmiz”
Navoiy shahridagi 11-son Jazoni ijro etish muassasasida O‘zLiDeP Navoiy viloyati hududiy partiya tashkiloti tomonidan “Biz jamiyatga kerakmiz” loyihasi doirasida 2024-yil 22-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezidentning farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka targ‘ib qilish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur farmonda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratishdek muhim maqsadlar ilgari surilganligini alohida ta’kidladi.
Ayniqsa, farmonda yoshlarning salohiyati, iste’dodi va tashabbuslarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tilgan. Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik va biznesni yanada rivojlantirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, intellektual salohiyatini to‘liq namoyon etish, jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Jumladan, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilandi.
Farmonning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, 2024-yil 1-mayga qadar adashgan yoshlarni jamiyatga integratsiya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoshlarni probatsiya hisobidan chiqarish amaliyoti joriy etiladi. Ularni profilaktik hisobga olish asoslari keskin qisqartiriladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, farmon yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash borasida boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonning dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishi kafolatidir.
Yig‘ilish so‘nggida mahkumlarning savollariga mutassadlilar tomonidan tegishli javoblar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri