“Biz donormiz” aksiyasi boshlandi
“Yuksalish” harakati tomonidan “Biz donormiz” shiori ostida har yili o‘tkazilib kelinayotgan aksiyaga start berildi.
Ushbu beg‘araz donorlik aksiyasi tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, insonlarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemorlarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilmoqda.

– 28 oktyabrdan 3 noyabrga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan aksiyani Navoiy viloyatida haftalik tarzida o‘tkazishga qaror qildik, – deydi harakatning Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Alijon Jalilov. – Aksiyaga viloyat IIB, FVB, YHXB, Milliy Gvardiya harbiy xizmatchilari bilan bir qatorda “Navoiyazot”, “Navoiy IES”AJ kabi yirik korxona va tashkilotlar, shuningdek, mahallalar faollaridan ham ko‘ngillilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Aksiyaning 1-kuni Navoiy shahridagi harbiy qismlarning biridan boshlandi. Unda 25 nafarga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi va ko‘ngilli sifatida qon topshirdi.

– Qon hayot masalasi. Biz harbiylar ham qon topshirishni o‘zimizning burchimiz deb bilamiz, – deydi harbiy xizmatchi Chingiz Navro‘zbayev. – Ushbu aksiyada harbiy qism tibbiyot punktida shifokor bo‘lib ishlovchi turmush o‘rtog‘im bilan ishtirok etdim va qon topshirdim. Mening qonim kimningdir hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shsa, bu men uchun katta baxtdir.

Albatta, ushbu aksiya aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, harakatni keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri