So‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisi va yoshlari orasida sog‘lom oila qurish masalasiga mas’uliyat bilan yondashishni targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarga nisbatan ma’naviy-axloqiy munosabatni shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mehribonlik uylari faoliyatini takomillashtirish, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasi va huquqiy himoyasini ta’minlash, ularda ijtimoiy mehnat ko‘nikmasi hosil qilish va jamiyatga uyg‘unlashishda ko‘maklashish ustuvor vazifalar etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham ayni maqsadga yo‘naltirilgan.


Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, shuningdek “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” doirasida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan qator amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Biz bolalar, biz dunyo” kitob-albomi nashr etildi, “Ertaklar olamida” xalqaro bolalar rasmlari tanlovi, “SHHT – ilg‘or g‘oyalar va yoshlar tashabbuslari makoni” shiori ostida davra suhbatlari tashkil etildi. Shuningdek, vakillarimiz Xitoyda o‘tkazilgan “Sziboda uchrashuv” Xalqaro yoshlar konferensiyasida faol qatnashdi.

Kuni kecha Markaz tomonidan Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari bilan hamkorlikda uyushtirilgan “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi doirasida poytaxtimizdagi 22-sonli Xlebushkina nomidagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari tadbirning asosiy ishtirokchilari bo‘ldi.
SHHT Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov bolajonlar bilan tanishib, ularga ezgu tilaklar bildirdi. Bolalar maktabi rahbari Tamara Mirsagatova mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini maktab faoliyati bilan tanishtirdi.

Kulolchilik, karving, ebru, gazeta bilan to‘qish, sharga rasm solish kabi qiziqarli, o‘ziga xos mashg‘ulotlar bo‘yicha o‘tilgan mahorat darslari bolajonlarning san’atga qiziqishini yanada orttirganiga shubha yo‘q. Zero, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘z qo‘llari bilan ustozlari ko‘magida san’at namunalari yasadilar.
Maktabning faol o‘quvchilari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarga sertifikat, esdalik sovg‘alari va to‘garaklarga bepul qatnash uchun vaucherlar taqdim etildi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi
matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA