Biz albatta yengamiz!
Dunyo miqyosida tarqalgan koronavirus Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Xalqimiz murakkab sinovni boshidan kechirmoqda.
Dunyo miqyosida tarqalgan koronavirus Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Xalqimiz murakkab sinovni boshidan kechirmoqda.
Bu falokatdan qutilish uchun, karantin qoidalariga toʻliq rioya qilish, sabr – bardoshli, intizomli boʻlmoq shart. Buni chuqur anglagan holda biz yoshi ulugʻ bobo, buvijonlar yanayam oilaga, farzand, nevaralarga yaqin boʻlishimiz ular uchun hayot saboqlarini berishimiz uchun fursatdir.
Jumladan, kitob oʻqish, uyda sport bilan shugʻullanish, pazandalik, uyni saranjom – sarishta qilish, bichish – tikishga oʻrgatish kabi ishlarni qizlarimizga, oʻgʻil bolalarimizni biron bir hunarga yoʻnaltirsak, hovlidagi ekin tikin ishlarini oʻrgatsak maqsadga muvofiq boʻladi.
Donolar “Onadan 90 foizi yaxshi xislatlar qizlariga, otalardan esa oʻgʻillariga mehnatsevarlik, mardlik, odillik kabi xislatlar oʻtadi”, deyishadi.
Ayniqsa, kitob oʻqish – farzandlarimizda dunyoqarashni, fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Bu bor, haqiqat. Axir kimning hayoti tartibli, kim sogʻlom, kim baxtli, albatta, kitob oʻqigan ilmsevarnida. Sevimli shoirimiz Zulfiya Moʻminovani “Bolaga kitob bering” sheʼrini har bir oʻquvchi yod bilishi lozim. Kitobxon yurtni – aslo yengib boʻlmaydi. Bolalarimizda ushbu fazilatlarni namoyon qilishlarida ota – onalar, ayniqsa buvijon va bobojonlarning oʻrni beqiyosdir.
Biz kattalar avvalo, oʻzimiz ular uchun ibrat boʻlmogʻimiz kerak. Zero, namuna – bu eng yaxshi tarbiyadir! Bolajonlarimizni sogʻlom turmush tarziga eʼtibor berib, gimnastika mashqlar bilan uzluksiz shugʻullantirish va ularni doimiy nazorat qilish biz kattalar zimmasidagi vazifa.
Prezidentimizning uchinchi marotaba videoselektor orqali xalqimizga qilgan murojaatlarini tajribali muallima, ona, ayol sifatida yuksak hayajon bilan tingladim, titradim, qalbim junbushga keldi.
“Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmang! Onlayn darslarini qunt bilan oʻzlashtiring. Kitob oʻqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”. Bu gaplarning ortida yurt ertasi haqida qaygʻurish bor, har bir inson, ayniqsa har bir oʻgʻil qiz uchun gʻamxoʻrlik hissi bor.
Hamid Olimjonni Hamid Olimjon qilgan uning yoshligida buvijonisi soʻylab bergan ertaklar emasmi?
Uzoqqa bormaylik, 32 yoshli Kolumbiya universitetining professori, 9 tilni biladigan Azizaxon qizimizni yutuqlarini jahon ahli tan olgani, Prezidentimizning eʼtiroflari ham yaqqol misoldir. Hozirgi karantin davrida onajonlarimiz vitaminli – koʻkatlar (masalan, ismaloq, jagʻ-jagʻ, pudina) dan taomlar tayyorlab yaʼni koʻk somsa, koʻk chuchvara, ismaloq pechak kabilarni qizlari bilan birgalikda tayyorlashsa, buvijonlarimiz esa holvaytar kabi tansiq taomlarni pishirib nabiralariga tortiq qilsalar ayni muddaodir.
Qadimdan bizning “Anzirat buvilari”miz millatni saqlab qolish, qadriyatlarimizni avaylab-asrash, tarbiyaning nozik tomonlarini farzandlarimizga singdirishda katta ahamiyat berishgan.
Baʼzida bolamizga nojoʻya harakatlari uchun hadeb tanbeh beraversak, u bezib qoladi. Toʻgʻrida u bolada, erkaligi, injiqligi bor. Ana shunday kezlarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining, “Bolaga men seni juda yaxshi koʻraman, faqat nuqsoningni yomon koʻraman” degan hikmatlarini yod etsak va shunga monand farzandlarimiz tarbiyasi uchun jon kuydirsak, bundan albatta yutamiz.
Shu kecha-kunduzdagi qiyinchiliklar vaqtinchalik ekanini kattayu-kichik birdek anglab, bardoshli boʻlaylik. Bu sinovli kunlar ham ortda qoladi, barchamiz hamjihatlik bilan harakat qilsak, virus balosidan tezroq qutulamiz.
Qiyinchilik paytida sabrli boʻlish — bu yaxshilikdir!
Xalqimiz imonli, eʼtiqodli xalq!
Axir, imonni ham ikkita qanoti bor deyishadi: biri shukur, ikkinchisi sabr! Shu oʻrinda Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatida taʼkidlab oʻtgan Sharq donishmandlarining chiroyli hikmatlarini keltirib oʻtsam:
“Eng katta boylik – bu aql zakovat va ilm,
Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya,
Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”.
Men ishonaman, biz albatta yengamiz. Yaʼni bu sinovli damlardan bir musht boʻlib, hamjihat boʻlib chiqamiz. Chunki buning uchun barcha asoslarimiz yaʼni tarix, betakror turmush tarzi, fazilat, shart sharoit va muhimi Davlatimizning gʻamxoʻrligi bor.
Muhabbat SHAROPOVA,
Oʻzbekiston Qahramoni,
Xalq deputatlari Qashqadaryo
viloyat Kengashi deputati