Bitta quyon boqish, o‘nta qo‘ydan yaxshi...mi?
Chorvachilikda go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan bir qatorda quyon go‘shti yetishtirish ham muhim ahamiyatga ega.
Zero, quyonchilik yetti xazinaning biridir. Qolaversa, quyon go‘shti parhezbop hisoblanadi. Farg‘ona viloyatida ham mazkur tarmoq bilan shug‘ullanayotganlar soni yildan yilga ko‘payib, quyonchilik fermalari, agrofirmalar tashkil etilayotir.
Qo‘shtepa tumanidagi “Vodiy naslli quyonlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma bugun o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan.
– To‘rt yildan buyon mazkur sohada tadbirkorlik faoliyatini olib bormoqdamiz,– deydi agrofirma rahbari Nuriddin Iminov. – 2020 yil yozida shu yerda binolar qurilishi, maxsus jihozlar, uskunalarni o‘rnatish, quyonlarni olib kelishga astoydil kirishdik. Loyiha qiymati 14 milliard 200 million so‘m bo‘lib, “Mikrokreditbank” ATB viloyat filialidan 6 milliard so‘m kredit oldik, Rossiyadan 2 ming bosh “Hikol” zotli quyonlarni keltirdik. Hozir ularning soni 5 mingga yaqin, bir-ikki oyda 20 mingga yetkazishni ko‘zlaganmiz.
Quyonchilik deganda uning go‘shti-yu mo‘ynasi tushuniladi. Biroq uzunquloq jonivorning biz bilmaydigan jihatlari ko‘p. Ma’lumotlarga ko‘ra, quyon qonidan tayyorlangan zardobni tibbiyot yo‘nalishida ishlatish mumkin. Bir kilogramm miya kukuni esa jahon bozorida 30 ming dollargacha baholanar ekan. Shu bilan birga, uning chiqindisi ham dehqonchilikda yaxshi samara beradi. bugungi kunda dunyo miqyosida quyonchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganining boisi ham shunda.
– Quyonlar parvarishi alohida e’tibor talab qiladi, chunki ular juda ta’sirchan, oshqozoni nozik bo‘ladi, – deydi agrofirma mutaxassisi Yoqubjon G‘oziyev. – Jonivorlar uchun yetarli yem-xashak, ozuqa zaxirasini yaratganmiz. Hozircha ular ko‘payish jarayonida. Kuniga 1,5 tonna go‘sht yetishtirish rejamiz bor.
28 nafar doimiy ish o‘rni yaratilgan korxona rahbari ozuqa bazasi uchun hozircha 13 gektar yer mavjudligi, kelgusida uni kengaytirish, quyonchilik klasterini yo‘lga qo‘yish, parhez go‘sht mahsulotini “xomidan pishganigacha” xalqqa yetkazib berish uchun Farg‘ona shahrida savdo nuqtasi ochish kabi maqsad-rejalari haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, hozirning o‘zida supermarketlar tomonidan kuniga 700-800 kilogacha go‘shtga buyurtma bor.
– Bu serdaromad sohaning sir-asrorlarini o‘rgatishdan qochmayman, yosh tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishga tayyorman, – deydi Nuriddin Iminov. – Quyonlarni tirik holda sotishni ham o‘ylaganmiz. Yiliga 400-500 tonna go‘sht, 200 ming bosh ona quyon yetkazib bera olamiz. Hozircha bir kilogramm quyon go‘shtini 45 ming so‘mdan sotyapmiz, kelajakda yana arzonlashadi.
Bu yerda yil oxirigacha qo‘shimcha binolar qurish, seleksiya-naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarini ko‘paytirish, terini qayta ishlash uchastkasini ishga tushirish, yana 70-80 ta doimiy ish o‘rni yaratish maqsadlari yo‘lida ishlar olib borilmoqda.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA