2016 yildan buyon 11 fevralda Xotin va qizlar fanda xalqaro kuni nishonlanadi. Ushbu bayramning paydo bo‘lish tarixi 2013 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Fan, texnika va innovatsiyalar rivojlanish maqsadlarida” rezolyutsiyasi qabul qilinganligi bilan bog‘liqdir. Ushbu hujjatda xotinl-qizlarni fan, texnika va innovatsiya sohalarida teng va to‘laqonli ishtirok etishlari zarurligi hamda mazkur sohalarda gender teng huquqligi ta’minlashi zarurligi belgilab qo‘yildi. O‘shandan ikki yil o‘tgach BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada 11 fevral Xotin va qizlar fanda xalqaro kuni sifatida e’lon qilindi.
Xotin-qizlar ilmiy va texnologik hamjamiyatda muhim rol o‘ynaydi. Fizika, kimyo va tibbiyot sohasida olamshumul ixtirolar yaratgan 23 olima ayol Nobel mukofoti laureatlari bo‘lgan. Olimalar innovatsiya tadqiqotlarida faolliklarini davom ettirmoqdalar. Fandagi xotin-qizlar hayot uchun nihoyatda muhim dori-darmonlar kashf etmoqdalar, koinotni tadqiq etmoqdalar, fanning boshqa sohalarida ham yangi ixtirolar yaratmoqdalar.
Shu bilan birga xotin-qizlar jahondagi tadqiqotchilar umumiy sonining 30% dan ham kamrog‘ini tashkil etadi. YUNESKO xotin-qizlar hozircha ayniqsa, axborot telekommunikatsiya sohasida nihoyatda kamchilikni – atigi 3% ni, tabiiy fanlar va matematikada esa – 5% ni tashkil etishidan tashvishda. Ularning fanda teng huquqli asosida ishtirok etishi ilmiy tadqiqotlar turfaligini ta’minlash, noyob iste’dodga ega bo‘lganlar doirasini kengaytirish, ilmda yanada yuqoriroq yutuqlar qo‘lga kiritilishida nihoyatda muhim rol o‘ynashi shubhasizdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi jahondagi barcha mamlakatlarni ushbu mavjud muammolarga e’tiborni qaratish, fan, texnika va innovatsiyalarda gender notengligi sabablarini aniqlash, shuningdek, xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga jalb etish uchun zarur dasturlarni ishlab chiqishga da’vat etadi.
O‘zbekiston hamisha o‘zining ayol olimalari bilan faxrlanib kelgan. Huquqshunoslik sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lgan birinchi o‘zbek ayoli Hadicha Sulaymonova, O‘zbekiston Qahramoni, Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Malika Abdullaxo‘jayeva, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha yuqori daraja ekspert kengashining a’zosi, jahonning eng iste’dodli ayol fan arboblari qatoridan o‘rin olgan Dilfuza Egamberdiyeva va boshqa ko‘pgina olimalarimiz faqat mamlakatimizda emas, butun dunyoda ham mashhur.
Olima ayollarimizdan 935 nafari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy xodimlaridir, ularning 112 tasi fan doktori va 279 tasi fan nomzodi ilmiy darajalariga ega. Ular yangi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va innovatsiyalarni rivojlantirish bilan bir qatorda mamlakatimizning tarixiy, ilmiy, madaniy merosni o‘rganish, keng targ‘ib qilishda ham namuna bo‘lmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mutafakkirlarimizning “Bitta qiz bolani o‘qitsang – butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz” degan dono so‘zlarini keltirar ekan, mamlakatimizda qizlarimiz zamonaviy bilimlar va kasblarni egallashlari, ilm-fanni rivojlantirishda peshqadam bo‘lishlari, jamiyatda va oilada namuna ko‘rsatishlari uchun hamma shart-sharoitlar yaratilishini ta’kidlaganlar.
Shu maqsadda gender tengligini ta’minlash, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlantirish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida 2022-2026 yillarda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda xotin qizlarning faolliklarini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlangan.
Ushbu hujjatga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat byudjetidan har yili tijorat banklariga kamida 1,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu oliy ta’lim muassasalari, texnikumlar va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarning ta’lim kontraktlarini yetti yil muddatda to‘lash uchun mo‘ljallangan. Shu bilan birga har yili 200 milliard so‘m mablag‘ davlat oliy ta’lim muassasalarining magistraturasida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini moliyalashtirishga sarflanadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan esa 50 nafar xotin-qizga bakalavr ta’lim dasturlari, 10 nafar xotin-qizga maxsus magistratura ta’lim dasturlarida o‘qitish uchun qo‘shimcha grantlar ajratiladi. Shuningdek, ijtimoiy jihatdan muhtoj oilalarning farzandlari, yetimlar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan 2100 nafar student qizga har yili mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘lov kontraktlari to‘lab beriladi.
Davlatimiz tomonidan xotin va qizlarning ta’lim olish, ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha g‘amxo‘rliklari o‘z natijalarini bermoqda. O‘tgan yili mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga 2 ming nafar qiz maxsus grant asosida qabul qilindi. Bu birinchi marotaba oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilingan barcha studentlarning 60 foizini tashkil qildi.
Erkin ERNAZAROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
O‘zA